Kontent qismiga oʻtish

Demografiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Demografiya (qadimgi yunoncha: δῆμος - demos — xalq va γράφω - grafiya) — har yili turli sabablarga koʻra vafot etgan aholi oʻrnini yangidan dunyoga kelgan avlod hisobiga toʻldirib borilishi qonuniyatlarini ijtimoiy-tarixiy sharoitlarga boglik holda oʻrganadigan fan. Demografiyaning paydo boʻlishi asosan 17-asrning 2-yarmidan angliyalik olim J. Graunt (1620— 1674) tadqiqotlari bilan bogʻlikdir. Demografiya terminini 1855 yilda fransuz olimi A. Giyar qoʻllagan. 1882 yil Xalqaro gigiyena va demografiya kongressining Jeneva sessiyasida rasmiy qabul qilingan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida keng tarqaldi. Oʻzbekistonda, asosan 1960 yilardan qoʻllanila boshladi.

Demografiyaning maqsadi muayyan hudud, mamlakat, dunyo aholisi va millatning takror barpo boʻlishi jarayoni va omillarini oʻrganish, muammolarni belgilab, yechimlarni aniqlash va istiqbolini koʻrsatib berishdan iborat. Demografiyaning vazifalari: demografik jarayonlar (tugʻilish, oʻlim, nikoh va ajralish, oilaning demografik xususiyatlari, aholining yosh-jinsiy va oila-viy tarkibi, demografik mayl) va ularning omillarini oʻrganish; demografik bashorat (maʼlum hudud aholisining soni, yosh-jinsiy tarkibi va demografik vaziyati istiqbolini ilmiy asoslangan holda oldindan aniqlash)larni ishlab chiqish; demografik siyosat (aholi siyosatining uzviy qismi boʻlib, uning asosiy maqsadi aholining miqdoriy oʻsishini boshqarishdan iborat) choratadbirlarini ishlab chiqish. Demografik siyosat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning ilmiy asosini tashkil etmogʻi lozim. Shundagina jamiyat har tomonlama muntazam rivojlanib boradi.

Demografik tadqiqot usuli — statistik, tarixiy taqqoslash, haritagrafik, sotsiologik, matematik va mantiqiy fikrlash. Demografiyaning taxliliy metodi statistikadan farq qiladi: unda mavhum fikrlash usulidan keng foydalanish asosida aholi tarkibida kelgusida roʻy beradigan miqdor va sifat oʻzgarishlari ham oʻrganiladi. Shu jihatdan demografik statistika Demografiyaning bir qismidir.

Aholi muayyan ijtimoiy hayot tarziga boʻysunishi tufayli, demografik jarayonlar ham muayyan i.ch. usuli va i.ch. munosabatiga bogʻliq boʻladi. Aholi murakkab ijtimoiy va tabiiy rivojlanish mahsuli boʻlib, turli omillar zaminida koʻpayadi. Bu jihatdan Demografiya iqtisod, sotsiologiya, geografiya, tibbiyot, tarix fanlari tahlil mavzuiga yaqin boʻlib, ularning yutuqlaridan foydalanadi, ayni vaqtda, ularga muhim maʼlumotlar beradi.

Demografik jarayonlarni oʻrganishda juda koʻp maʼlumotlardan foydalaniladi. Koʻpchilik davlatlarda demografik maʼlumotlar statistika tashkilotlari tomonidan toʻplab boriladi. Ular aholi soni, tarkibi va demografik jarayonlarni aks ettirib oʻz ichiga ushbu masalalarga oid raqamli jadval va diagrammali maʼlumotlar, ilmiy manbalar, sotsiologik-demografik tadqiqotlar natijalarini oladi. Dunyo miqyosida demografik maʼlumotlarni toʻplash BMT boshchiligida tuzilgan dastur asosida oʻtkaziladi.

Demografiya har bir ijtimoiy-iqtisodiy tuzum aholisining koʻpayishi va rivojlanish qonuniyatlarini alohida-alohida oʻrganadi, chunki har bir ijtimoiyiqtisodiy formatsiyaga xos aholi oʻsish qonuni demografik vaziyatga ham bevosita taʼsir koʻrsatadi. 20-asrning 2-yarmiga qadar Oʻzbekistonda aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush darajasi nisbatan pastligi tufayli aholi oʻrtasida oʻlim yuqori boʻlgan. Garchi tugʻilish yuqori boʻlsa ham aholi juda sekin koʻpaygan. 20-asrning 2-yarmidan Oʻzbekistonda aholi oʻrtasida oʻlim bir oz kamayib, aholining oʻrtacha umr koʻrishi uzaydi. Natijada aholining miqdor va sifat oʻsishi roʻy berdi. Shu davrda Oʻzbekistonda Demografiyaning rivojlanishiga eʼtibor berildi. Demografik tadqiqotlar Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti Aholishunoslik ilmiy tadqiqot lab., demografiya, ijtimoiy geografiya va mintaqaviy iqtisod, sotsiologiya kafedralari, Respublika "Oila" ilmiy-amaliy markazi, Mehnat, aholi bandligi va ijtimoiy muhofazani oʻrganish Respublika ilmiy markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining iqtisodiyot instituti, Oʻz-bekiston Respublikasi "Ijtimoiy fikr" jamoatchilik markazida olib boriladi.

Oʻzbekistonning demografik taraqqiyoti, uning xususiyatlari, omillari va muammolari I. Mullajonov, R. Ubaydullayeva, M. Qoraxonov, E. Ahmedov, O. Otamirzayev, L. P. Maksakova, A. Soliyev, H. Salimov, A. Qayumov, M. Boʻriyeva, O. A. Ergashev, E. Safarov, O. Saidahmedov, G. Murtazina, Z. X. Rayimjonov, R.K. Ortiqboyev va b. olimlarning ilmiy tadqiqotlarida keng oʻrganilgan. 1993 yildan Oʻzbekistonda BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) oʻz faoliyatini boshlagan. Uning faoliyati mintaqa davlatlarini, Qozogʻiston va Ozarbayjonni qamrab oladi. Jamgʻarma aholi salomatligi, ayniqsa, ayollar salomatligini yaxshilash borasida tadbirlarni amalga oshiradi, mamlakatda milliy tashkilotlar, tibbiyot muassasalariga sogʻlom oilani shakllantirish maqsadida keng qam-rovli sotsiologik-demografik tadqiqotlar oʻtkazadi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Boʻriyeva M. P., Oʻzbekistonda oila demografiyasi, T., 1997; Boʻriyeva M. R., Demografiya asoslari, T., 2001; Borisov V. A., Demografiya, M., 1999.

Mamlakat Burseva.