Kontent qismiga oʻtish

Devpechak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Devpechak (Cuscuta L.) — chirmovuq-doshlar (Cuscutaceae)ra mansub bir va koʻp yillik tekinxoʻr oʻsimlik. Vatani — Amerika va Afrika. Oʻrta Osiyoda 5 turi tarqalgan. Bularning har biri 150—200 gacha oʻsimlik turini zararlab, hosilning koʻp qismini nobud qiladi, sifatini pasaytiradi. Ildizi, bargi boʻlmaganidan xlorofill yoʻq. Poyasi (0,5—7,5 mm gacha) sargʻish yoki sargʻishpushti, sershox. Guli oq va oqish-pushti, oval shaklda. Chanogʻi qalpoqsimon, serurugʻ. Urugʻi dumaloq yoki tuxumsimon, uchli, gʻadir-budur, usti qattiq poʻst bilan qoplangan. D., asosan, urugʻidan va qisman poyasidan koʻpayadi. Tuproqda qishlab chiqqan urugʻlari mart— aprel oylarida unib chiqadi. Oʻsimtalari dastlab kuniga 2—3 sm, 10-kundan boshlab 12—15 sm dan oʻsadi. Oʻsimtalari biror oʻsimlikka chirmashib, urugʻidan ajraladi, oʻsimlik tanasiga 2— 4 marta spiral shaklida oʻralib oladi va soʻrgʻichlari bilan oʻsimlik shirasini soʻra boshlaydi. Natijada oʻsimlikda modda almashinuvi buziladi, Hosili kamayadi, hatto qurib qoladi. D., asosan, mevali, manzarali, oʻrmon daraxtlari, tok, buta, rezavor, subtropik va sitrus oʻsimliklariga tushib, xalq xoʻjaligiga katta zarar keltiradi. Kurash ch oral ar i: D. tushgan daraxt novdalari qirqib yoqiladi, kuchli zararlanganlari tupi bilan kovlab yoʻqotiladi. Bogʻ, tokzor, koʻchatzor va daraxtzorlarda qator oralari haydab qoʻyiladi, daraxtga tushgan D.ni kimyoviy usulda yoʻqotish chorasi hozircha ishlab chiqilmagan (imkon qadar qoʻlda tozalanadi). Ekin maydonlari, yoʻl yoqalaridagi oʻsimliklarga tushgan D.ni yoʻqotish uchun esa nitrafenning 4% li eritmasi bilan gektariga 1200 l normada dorilanadi (qarang Zarpechak).

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil