Dilmurod Sayyid

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Dilmurod Sayyid
Tavalludi
Dilmurod Saidov

1962-yil
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Taʼlimi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti
Kasbi jurnalist, inson huquqlari faoli
Dini islom

Dilmurod Sayyid (Dilmurod Saidov; 1962-yil, Toshkent) — oʻzbekistonlik jurnalist, inson huquqlari faoli. „Ezgulik“ inson huquqlari tashkiloti aʼzosi.

Tarjimayi holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dilmurod Sayyid 1962-yil Toshkent shahrida tugʻilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining oʻzbek filologiyasi fakultetini va fors tili mutaxassisligi boʻyicha Toshkent Davlat universiteti huzuridagi maxsus ikki yillik kursni bitirgan.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dilmurod Sayyid bir necha yillar davomida „Mohiyat“[1], „Advokat“ („Advokat Press“)[2] gazetalarida jurnalist sifatida faoliyat yuritgan. U 2005-yilda „Advokat Press“ gazetasida eʼlon qilgan „Yoʻq haqida badiha“ nomli maqolasi uchun matbuotdan chetlatilgan, barcha nashrlarga uning maqolalarini chop etish taqiqlab qoʻyilgan. Shu maqolaning ortidan „Advokat Press“ gazetasi ham yopilib ketgan[3], gazetaning oʻsha maqola chop etilgan soni barcha doʻkonlardan yigʻib olingan[4].

Shundan soʻng Dilmurod Sayyid qator mustaqil va muxolif saytlar uchun maqolalar yozgan, Oʻzbekistondagi „Ezgulik“ inson huquqlarini himoya qiluvchi jamiyat aʼzosi boʻlgan[4].

Qamalishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzining tanqidiy maqolalari bilan tanilgan[4] Dilmurod Sayyidga 2009-yilda taʼmagirlik, poraxoʻrlik, tovlamachilik, qalbaki hujjatlar, shtamp va muhrlar tayyorlash ayblari qoʻyilib hibsga olingan va oʻsha yilning 30-iyul kuni u Oʻzbekiston respublikasi jinoyat kodeksining 165-modda 3-qismi „a“ bandi, 228-modda 3-qismi va 228-modda 3-qismi „b“ bandi bilan aybdor deb topilib[5], 12,5 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan. Jurnalist sudda oʻziga qoʻyilgan ayblarni toʻliq rad etgan va aslida oʻzining jurnalistik faoliyati uchun sud qilinayotganini taʼkidlagan[6]. Inson huquqlari tashkilotlarining soʻzlariga koʻra Dilmurod Sayyid ustidan olib borilgan sud jarayonlarida koʻplab qonun buzilishlariga yoʻl qoʻyilgan[7].

Dilmurod Sayyid avvaliga Navoiydagi qamoqxonada jazoni oʻtagan, keyinchalik uni Qarshi shahridagi qamoqxonaga koʻchirishgan[4].

2009-yilning 5-noyabrida Navoiyda qamoqda saqlanayotgan jurnalistni koʻrish uchun yoʻlga chiqqan turmush oʻrtogʻi Barno Jumanova va 6 yashar qizi Ruxshona avtohalokatga uchrab halok boʻlgan[2].

2012-yil 3-may kuni AQSh davlat departamenti siyosiy taʼqibga uchrab qamoqqa olingan jurnalistlar qatorida oʻzbekistonlik Dilmurod Sayyidni ham eslab oʻtib, unga qoʻyilgan taʼmagirlik, tovlamachilik, poraxoʻrlik kabi ayblar uydirilgan ekanini, aslida jurnalist siyosiy bosimlar ortidan qamoqqa olinganini va qamoqda uning sogʻligi yomonlashganini aytib, Oʻzbekiston hukumatini jurnalistning salomatligiga eʼtibor qaratishga va uni ozod qilishga chaqirgan[8].

2018-yilning 3-fevral kuni Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida ochiq sayyor sud majlisi boʻlib oʻtgan va shu sud qarori bilan Dilmurod Sayyid muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan[5].

AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi oʻz rasmiy sayti orqali Dilmurod Sayyidning ozod qilinishini olqishladi[9].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Узбекистан: реформа СМИ не принесла желаемых результатов“. Institute for War and Peace Reporting. iwpr.net (2005-yil 21-fevral). Qaraldi: 24-noyabr 2023-yil.
  2. 2,0 2,1 „Jurnalist Dilmurod Sayyid ozodlikka chiqdi“. Amerika Ovozi. amerikaovozi.com (2018-yil 4-fevral). Qaraldi: 24-noyabr 2023-yil.
  3. „Buyuk kelajakni shubha ostiga qo'ygan jurnalist matbuotdan chetlatildi“. Amerika Ovozi. amerikaovozi.com (2006-yil 30-mart). Qaraldi: 24-noyabr 2023-yil.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 „Журналист Дилмурод Саййид: "9 йил ноҳақ ўтирдим"“. BBC News. Oʻzbek. bbc.com (2018-yil 4-fevral). Qaraldi: 24-noyabr 2023-yil.
  5. 5,0 5,1 „Jurnalist Dilmurod Said muddatidan ilgari ozodlikka chiqarildi“. Gazeta.uz. gazeta.uz (2018-yil 6-fevral). Qaraldi: 24-noyabr 2023-yil.
  6. „Дилмурод Саййиднинг укаси Обид Саидов: "Акамнинг аҳволи ёмон"“. BBC Oʻzbek. bbc.com (2013-yil 19-mart). Qaraldi: 24-noyabr 2023-yil.
  7. „История дела: Дильмурод Саидов“. Front Line Defenders. Qaraldi: 24-noyabr 2023-yil.
  8. „Жаҳон Матбуот куни арафасида яна Дилмурод Сайидни озод қилишга чақирилди“. BBC News. Oʻzbek. bbc.com (2012-yil 25-aprel). Qaraldi: 24-noyabr 2023-yil. „Биз Ўзбекистон ҳукуматини Дилмурод Саййидни озод қилишга, у ҳибсда сақлаб турилган пайтида зудлик билан тегишли тиббий муолажа билан таъминлашга ҳамда Ўзбекистондаги мустақил журналистлар бирор бир қўрқув ёки таъқибсиз фаолият юритишлари учун сиёсий фазони яратиш чораларини кўришга чақирамиз“.
  9. „Заявление посольства США по поводу освобождения Дилмурода Саидова“. U.S. Embassy in Uzbekistan. uz.usembassy.gov (2018-yil 5-fevral). Qaraldi: 25-noyabr 2023-yil.