Diplomatik immunitet va imtiyozlar
Diplomatik immunitet va imtiyozlar — xalqaro huquqda chet el diplomatik vakilliklarga, maxsus missiyalar, davlatlarning xalqaro va hukumatlararo tashkilotlar qoshidagi vakolatxonalariga hamda ularning boshliq va xodimlariga beriladigan huquq va imtiyoz.
Suveren davlatlarning tengligi prinsipidan kelib chiqadigan Diplomatik immunitet va imtiyozlar chet el davlatlarining diplomatik vakolatxonalari ga yoki xalqaro tashkilotlarning organlariga ular joylashgan davlatning nazoratidan holi ravishda oʻzlarining funksiyalarini unumli amalga oshirish imkoniyatini amalga oshirish uchun beriladi. Diplomatik immunitet va imtiyozlarga oid masalalar 1815-yildagi Vena reglamentiga asosan tartibga solina boshlangan (1818-yildagi Aaxen kongressida kiritilgan qoʻshimchalar bilan).
II jahon urushidan soʻng quyidagi shartnomalar tuzilgan: Diplomatik munosabatlar toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi (1961-yil), Konsullik munosabatlari toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasi (1963-yil), Universal xarakterdagi davlatlarning vakilligi va ularning xalqaro tashkilotlar bilan aloqalari toʻgʻrisida Vena konvensiyasi (1975-yil) va boshqa Xalqaro tashkilotlarning ustavlarida, ayrim koʻp tomonlama va ikki tomonlama bitimlarda xalqaro tashkilotlarning imtiyozlari va immunitetlari belgilanadi, ikki tomonlama konsullik shartnomalarda esa konsullik imtiyozlari hamda immunitetlari belgilanadi. Diplomatik immunitet va imtiyozlar koʻpgina davlatlarda milliy qonunchilik bilan ham tartibga solinadi. Diplomatik vakolatxona immuniteti va imtiyozlariga bino hamda arxivlarning daxlsizligi, soliqlardan ozod qilinishi, oʻz davlati bilan erkin aloqada boʻlish, bojxona imtiyozlari va bayroq hamda gerbning vakillik binosi ustiga oʻrnatilishi kiradi.
Shaxsiy immunitet va imtiyozlar diplomatning shaxsiy daxlsizligini, uning yashab turgan makoni daxlsizligini, shuningdek vakillik joylashgan davlatning yurisdiksiyasidan xoli boʻlishlik immunitetini (diplomat jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas, ayrim fuqarolik va maʼmuriy javobgarliklar bundan mustasno). 1961- va 1975-yildagi Vena konvensiyasida koʻrsatilgan ayrim hollardan tashqari diplomatning shaxsiy yuki tekshiruvdan ozod qilinadi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Oʻzbekiston Yuridik ensiklopediyasi