Diplomatiya daraja va martabalari
Diplomatiya daraja va martabalari — davlat vakolatxonalarining diplomatiya xodimlari uchun beriladigan rasmiy unvonlar. "Oʻzbekiston Respublikasining diplomatiya xodimlari uchun diplomatiya daraja va martabalari belgilash toʻgʻrisida"gi qonunda (1992-yil 3 iyul), "Diplomatiya munosabatlari toʻgʻrisida"gi 1961-yilgi Vena konvensiyasi hamda xalqaro huquq normalari va qoidalariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonalari boshliklarining quyidagi 3 darajasi belgilangan: chet davlat boshligʻi huzurida akkreditatsiya qilinadigan (qarang Akkreditlash) Favqulodda va muxtor elchi; chet davlat boshligʻi huzurida akkreditatsiya qilinadigan Favqulodda va muxtor vakil; chet davlat Tashqi ishlar vaziri huzurida akkreditatsiya qilinadigan Ishonchli vakil. Oʻzbekistonning chet davlatlardagi vakolatxonalari diplomatiya xodimlariga beriladigan xizmat unvonlari quyidagilar: Favqulodda va muxtor elchi; 1- va 2-darajali Favqulodda va muxtor vakil; 1- va 2-darajali maslahatchi; 1- va 2-darajali 1-ko-tib; 1- va 2-darajali 2-kotib; Uchinchi kotib; Attashe. Favqulodda va muxtor elchi, 1- va 2-darajali favqulodda va muxtor vakil martabalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari bilan, boshqa diplomatiya martabalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri buyrugʻi bilan beriladi. Diplomatiya martabalari mazkur vazirlikning rahbar va masʼul xodimlariga ham berilishi mumkin. Favqulodda va muxtor elchi, Favqulodda va muxtor vakil martabalari bir umrga beriladi. Boshqa diplomatiya martabasiga ega boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimidan pensiyaga chiqqan taqdirda ularning bu martabasi saqlanib qoladi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |