Doʻstlik kanali
Doʻstlik kanali – Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududidagi kanal. Mirzachoʻlning shimoli-sharqida. Sirdaryodagi Farhod GESining tashlama kanalidan suv oladi. Uzunligi 116 km. Suv oʻtkazish imkoniyati 230 m³/s. Kanal boshdan oxirigacha tuproq oʻzandan oqadi. Kanalda 6 toʻgʻon, suv sarfi 0,2 dan 50 m³/s gacha boʻlgan 45 shoxobcha kanallar va 3 ta ehtiyot tashlamalar: sharqiy tashlama (40 m³/s), shimoliy tashlama (18 m³/s) va oxirgi tashlama (17 m³/s) qurilgan. Kanal Chordara suv ombori ga tashlama bilan tugaydi. Dastlab kanalni 1891 yilda knyaz N. K. Romanov kazdirgan. Kanal qurilishi 6 yil davom etgan va Nikolay I arigʻi deb atalgan, uz. 84 km boʻlgan. Kanal suvni Xoʻjand shahridan quyida Qoʻshtegirmon va Bekobod qishloqlari oraligʻida Sirdaryodan olgan. Kanaldan birinchi marta 1895 yilda Mirzachoʻlga suv oqizilgan, 1897 yil toʻla ishga tushirilgan va 7600 ga yerni suv bilan taʼminlangan. 1917-yilgacha knyaz Romanov nomi bilan yuritilgan va uni xalq Knyazariq (Kenazariq) deb atagan. 1918—38-yillarda Shimoliy Mirzachoʻl kanali deb yuritilgan. 1923 yildan kanal rekonstruksiya qilina boshladi. 1938-yil kanalda Sultonhovuz tindirgichi (hajmi 16 mln. m³) qurildi. Qozogʻiston hududida 1939 yil 1- Toʻqayli tarmogʻi va 400 km dan ortiq katta-kichik ariqlar chiqarildi. 1940—41-yillarda Mirzachoʻlda yangi yerlar oʻzlashtirilishi munosabati bilan kanalning bosh inshooti rekonstruksiya qilinib, suv oʻtkazish qobiliyati 230 m³/sek ga yetkazildi va kanal 14,5 km uzaytirildi, 2- va Z-Toʻqayli tarmoqlari, 64 mayda shoxobcha va 2 ta yirik tarmoq – Oʻng tarmoq va Chap tarmoq (Malik tarmogʻi) chiqarildi. 1945 yilda kanal Farhod GESning tashlama kanaliga ulandi. Keyingi yillarda kanal uzaytirildi va suv oʻtkazish imkoniyati oshirildi. 1972 yildan kanalda xoʻjaliklararo kanallarga suv taqsimlab berish tele va avtomatik sistemalari ishlaydi. 1996 yil iyulidan hozirgi nom bilan ataladi (1938—97-yillarda S. M. Kirov nomida boʻlgan). 2001 yilda kanaldan 230 ming ga dan koʻproq maydon sugʻorildi (Oʻzbekistonda 100 ming ga; Qozogʻistonda 130 ming ga dan ortiq).
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil