Kontent qismiga oʻtish

Domye Onore Viktoryen

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Onore Viktoryen Domye (1808.26.2, Marsel- 1879.11.2, Vilmondua, Parij yaqinida) — fransuz rangtasviri ustasi, grafik rassomi va haykaltaroshi; tanqidiy realizmning yirik vakili. 1814-yildan Parijda; 20-y.larda rasm, rangtasvirdan taʼlim olgan, litografiya sanʼati asoslarini oʻrgangan. 1830-yil inqilobidan keyin siyosiy karikaturalar, hajviy rasmlar yaratgan, ular alohida varaqlarda yoki bezakli nashrlarda bosilgan. Siyosiy arboblarning oʻtkir syujetli byustlari (1830—36, 36 ta byust saqlangan) keyinchalik portret-sharjlar yaratish uchun asos boʻlgan ("Oltin kesimning mashhur kishilari", 1832—33). D. litografiya asarlarida ("Qonun chiqaruvchilar uyasi", "Biz hammamiz halol odamlarmiz, keling quchoqlashaylik", "Bunisini ozodlikka chiqarsa boʻladi", 1934; "Transnonen koʻchasi" va b. turkumlar) bagʻritosh, manman, ikkiyuzlamachi hukmdorlarni qattiq tanqid ostiga olgan. 1834-yildan keyin D. asosan maishiy hajviy rasmlar ishlash bilan chegaralana boshlaydi ("Rober Maker", 1836—38; "Marhamatli burjua", 1846—49 va b.). D. rangtasviri romantizm bilan bogʻliq, obrazlarning oʻtkir tavsifi, erkin va mohirona jamlangan lirik va joʻshqin harakatli rang tizimi, nursoya oʻyinidagi keskinlik asarlariga alohida joziba baxsh etgan ("Qoʻzgʻolon", 1848; "Barrikadadagi oila" va b.). Oddiy xalqning ichki qudrati va maʼnaviy goʻzalligini ifoda etgan "Kir yuvuvchi" (1859), "Uchinchi klass vagoni" (1862— 63) va b., diniy mifologik mavzuda kompozitsiyalar, portretlar, Don Kixotga bagʻishlangan qator asarlar yaratgan ("Don Kixot", 1868 va b.).

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil