Dunyoviy davlat
Dunyoviy davlat — davlatning konstitutsiyaviy huquqiy tavsifi boʻlib, Dunyoviy davlat deganda, davlat bilan din oʻrtasidagi nisbat, yaʼni davlatning dinga munosabati, dindan xoli mavjud boʻlishi va rivojlanishini tushunish mumkin. Aniqroq aytganda, Dunyoviy davlat hech bir dinga davlat dini, rasmiy din maqomini bermaydi, dinning siyosiylashuviga yoʻl quymaydi, taʼlim tizimi va davlat boshqaruvini din taʼsiridan holi qilib, oʻz yurisdiksiyasida tutuvchi davlat nazarda tutiladi. Shu maʼnoda Dunyoviy davlat uchun istiqbolli munosabat shakli-davlatni dindan ajratilganligi hisoblanadi. Bunday davlatlar sirasiga AQSh, Fransiya, RF, Bolgariya, OʻzR va boshqa davlatlar misol boʻla oladi. Shunday qilib, OʻzR — demokratik taraqqiyot yoʻlidan borayotgan dunyoviy-maʼrifiy davlat boʻlib, OʻzR Konstitutsiyasining 31-m.si fuqarolarning vijdon va eʼtiqod erkinligi huquqini kafolatlaydi. Vijdon va eʼtiqod erkinligini oʻrnatuvchi konstitutsiyaviy norma qoidalarining amal qilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekistonda 1998-yil 1-mayda „Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida“gi (yangi tahrirdagi) Qonun qabul qilinib, qonun vijdon erkinligini fuqarolarning har qanday dinga eʼtiqod qilish yoki hech qanday dinga eʼtiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqi sifatida belgilangan. Dunyoviy davlatning aksi teokratik davlat boʻlib, unda hokimiyatni cherkov ierarxiyasi boshqaradi. Bunday davlatga Vatikan misol boʻla oladi. Qayd etish lozimki, bu davlatni Rim Papasi boshqaradi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Oʻzbekiston Yuridik ensiklopediyasi