Eduardas Mejelaytis
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Eduardas Benyaminovich Mejelaytis (1919.3.20, Litva Respublikasi — 1999, Vilnyus) — Litva xalq shoiri (1974). Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi (1943). Ijodi 1935-yildan boshlangan. Dastlabki sheriy toʻplamlari ("Lirika", 1943; "Vatan shamoli", 1946) Litva xalq qoʻshiklari, ertak va afsonalari ruhi bilan sugʻorilgan boʻlib, ularda ayni paytda Salomeya Neris lirikasiga xos xususiyatlar sezilib turadi. "Qardoshlik dostoni" (1954) "Begona toshlar" (1957), "Yulduzlar etagida" (1959), "Kaxrabodagi quyosh" (1961), "Avtosurat. Avialavhalar" (1962), "Janubiy manzara" (1963), "Kardiogramma" (1964), "Sozim" (1974) kabi sheʼriy toʻplamlar muallifi. Mejelaytis bu asarlarida shakliy izlanishlarga alohida eʼtibor bergan holda voqelikni chuqur falsafiy idrok etish, lirik qahramonning ruhiy olami va mohiyatini murakkab obrazlar silsilasida ochishni oʻzining asosiy ijodiy tamoyiliga aylantirib bordi. Mejelaytis "Inson" (1961) sheʼrlar kitobida oʻziga zamondosh inson obrazini kosmik kengliklarni oʻzlashtira boshlagan xalqning timsoli, oʻzgarib borayotgan jamiyatning toʻla qonli egasi sifatidagi obrazini yaratdi. Ushbu asar shu davrda oʻzbek sheʼriyatida inson obraziga eʼtiborning kuchayishi, inson va ezgulik mavzuining katta mavqe kasb etishiga turtki berdi.
Mejelaytis lirik sheʼriyat bilan birga esse janrida ham samarali ijod qilgan. Uning "Lirik etyudlar" (1964), "Non va soʻz" (1965), "Tungi kapalaklar" (1966), "Bu yer — Litva" (1968), "Antakolnis barakkosi" (1971), "Monologdar" (1981), "Soz va moybaliq" (1984) kabi kitoblaridan yoshlik xotiralari, Litva shoirlarining va oʻzining ijodiy tajribalari haqidagi, Litva madaniyati va sheʼriyat haqidagi oʻy-mulohazalari oʻrin olgan. "Inson" sheʼriy toʻplami oʻzbek tiliga tarjima qilingan (1963).
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Makarov A.N., Eduardas Mejelaytis, M.. 1966.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |