Kontent qismiga oʻtish

Ekonometriya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ekonometriya (yun. uy xoʻjaligini yuritish sanʼati va...metriya), ekonometrika — iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilish, iqtisodiy axborotlarga ishlov berishning matematik va iqtisodiystatistik usullarini va modellarini ishlab chiqish va qoʻllash bilan shugʻullanadigan fan; ekonometriya iqtisodiy hodisa va jarayonlarning aniq miqdoriy qonuniyatlari va oʻzaro aloqalarini matematik va statistik usullar, modellar yordamida oʻrganadi. E.da qoʻllanadigan modellar yordami bilan statistika, prognoz va reja maʼlumotlar asosida miqdoriy natijalar olinadi. Ekonometriyaning paydo boʻlishi iqtisodiy tahlillar va taxminlash uchun iqtisodiy statistik usullar va yoʻ lyoʻriqlarning zarurati bilan bogʻliq.

Iqtisodiy-statistik maʼlumotlarni matematik usulda oʻrganish XIX asrning oxirlari — XX asrning boshlaridan boshlandi. XX asrning 20—30-yillarida ekonometriya mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi. "Ekonometriya" terminini dastlab polyak iqtisodchisi A. Chompa (1910) qoʻllagan, norveg iqtisodchisi, Xalqaro ekonometriya jamiyati (1930)ning asoschilaridan biri R. Frish unga ilmiy yoʻnalish berdi (1926). Dastlab ekonometriya doirasida iqtisodiy jarayonlar va ularga taʼsir etadigan omillar oʻrtasidagi korrelyatsion aloqalarni ifodalovchi analitikstatistik modellar ishlab chiqildi. Iqtisodiy rivojlanishni tahlil qilishda iqtisodiy oʻsish modellaridan foydalanildi. Rus olimi L.V. Kantorovich normativ modellarni ishlab chiqishga katta hissa qoʻshdi.

Hozirgi ekonometriya usullari yordamida prognozlashga oid koʻplab masalalarni yuqori aniqlik darajasida yechish mumkin. Hozirgi davrda ekonometriya iqtisodiy rivojlanishning matematik usullarini takomillashtirishda, iqtisodiy sikllilikni asoslash, talab va taklif koʻrsatkichlarini hisoblash, talabning oʻzgaruvchanlik xususiyatlarini baholash, ishlab chiqarish sarfxarajatlarini va jamgʻarish surʼatlari oʻzgarishlarini tahlil etish, ishlab chiqarishning tarmoqlararo bogʻlikdigini oʻrganishda va boshqalar masalalarni tadqiq va taxlil etishda qoʻllanadi. Ekonometriya boʻyicha Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti, Oʻzbekiston milliy universitetining amaliy matematika fakulteti, ToshTU va Toshkent iqtisodiyot untlarida nazariy va amaliy ishlar olib boriladi. 2017-yil Oʻzbekiston milliy universitetining Iqtisodiyot fakultetida Ekonometrika kafedrasi ochildi. 2018-yildan boshlab esa bu kafedraga talabalar qabul qilinishi boshlandi.

Tursunxo'jayev G'iyosiddin