Kontent qismiga oʻtish

Eksport

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Eksport — tovarlarni chet ellik mijozlarga sotish boʻlib, bunda mazkur mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar mamlakatdan tashqariga chiqariladi.

Eksportni ragʻbatlantirishning kredit-moliyaviy usullari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eksport (ing., lot. — olib chiqaman, chetga chiqaraman) — tovarlar, xizmatlar, investitsiya, qimmatli qogʻozlar, texnologiyalar va boshqalarni tashqi bozorga chiqarish. Tovarlarni bir mamlakat orqali olib oʻtish (tranzit) va bir mamlakatdan olib kelingan tovarlarni boshqa mamlakatlarga sotish uchun chiqarish (reeksport) ham eksportga kiradi.

Mamlakatning oʻzida ishlab chiqarilgan moddiy boyliklar eksport tarkibi (koʻrinma eksport) milliy iqtisodiyotning oʻziga xos xususiyatlari, uning xalqaro mehnat taqsimotidagi oʻrni bilan bogʻliq. Sanoati rivojlangan mamlakatlarga sanoat mahsulotlari, ayniqsa, mashinasozlik mahsulotlari va texnologiyalar eksport qilish xos boʻlsa, qoloq agrar iqtisodiyotga ega boʻlgan mamlakatlar eksportida xomashyo va oziq-ovqat asosiy rol oʻynaydi. Yakka ziroatchilik xoʻjaliklari hukmron boʻlgan mamlakatlar eksportida 1—2 tovar turi asosiy oʻrinni egallaydi.

Yuklarni tashish, vositachilik operatsiyalari, turizm, ilmiy texnika aloqalaridan va boshqalar xizmatlarni sotishdan olinadigan daromadlar koʻrinmas eksportni tashkil etadi va iqtisodiyoti rivojlangan koʻpgina mamlakatlarda uning ahamiyati ortib bormoqda.

Har qanday davlat uchun eksport, import va chet ellarda boshqa xarajatlarni toʻlash uchun zarur boʻlgan chet el valyutasining asosiy manbai. Davlatning tashqi iqtisodiy siyosatida (qarang Tashqi iqtisodiy siyosat) eksportni kengaytirish muhim masala hisoblanadi va davlat eksport uchun moʻljallangan ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashning turli shakllarini keng qoʻllaydi (soliq imtiyozlari va boshqalar moliyaviy koʻmaklar; eksportni davlat tomonidan kreditlash).

Eksportni cheklash (qarang Kvota) aksariyat hollarda muayyan mamlakatlar bilan olib boriladigan savdoga embargo joriy etish yoʻli bilan siyosiy maqsadlarda amalga oshiriladi. Ayrim tovarlar eksportni baʼzan iqtisodiy yoki ekologik sabablarga koʻra cheklanadi (mazkur tovarning mamlakat iqtisodiyoti uchun muhimligi, yoʻqolib borayotgan hayvonlar yoki oʻsimliklar turlarini, milliy madaniy badiiy boyliklarni asrash va boshqalar). Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq, tovarlar eksportni bojxona rejimida, bojxona toʻlovlari toʻlanganidan keyin, iqtisodiy siyosat tadbirlariga rioya etilgan va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablar bajarilgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan chetga chiqariladi.

2003-yilda Oʻzbekiston Respublikasi eksporti 3725,0 mln. AQSH dollaridan iborat boʻldi (import 2964,2 mln. AQSH dollari). Uning tovarlar tarkibida paxta tolasi (19,8%), oziq-ovqat tovarlari (2,7%), kimyo mahsulotlari, plastmassa va ulardan yasalgan buyumlar (3,1%), energiya manbalari (9,8%), qora va rangli metallar (6,4%), mashina va uskunalar (5,9%), xizmatlar (14,4%) va boshqalar asosiy oʻrinda turadi.

Koʻpgina mamlakatlarda eksport tovarlari qoʻshilgan qiymat soligʻidan va shunga oʻxshash soliqlardan ozod qilinadi (yana qarang Tashqi savdo).

Qodirjon Yusupov.

  • eksportga tovarlar yetkazib berishni subsidiyalash;
  • eksport qiluvchilar uchun davlat kreditlarini berish va xususiy kreditlar berilishini ragʻbatlantirish;
  • xorijda amalga oshiriluvchi savdo bitimlarini davlat tomonidan sugʻurtalash;
  • eksportdan olinuvchi foydadan soliq toʻlashdan ozod etish va hokazo.


Import