Kontent qismiga oʻtish

Ekzogen jarayonlar va nurash po'sti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yer poʻstida va uning yuza qismidagi barcha oʻzgarishlarga sababchi boʻlgan ikkita qudratli kuch bor. Ularga endogen va ekzogen kuchlar yoki jarayonlar deb nom berilgan. Birinchisining harakatga keltiruvchi manbai yerning ichki energiyasi boʻlsa, ikkinchisiniki tashqi, asosan — quyosh energiyasidir. Endogen kuchlar bunyod etuvchi xususiyatga ega boʻlsa, ekzogen kuchlar barbod etuvchi vazifasini bajaradi. Masalan endogen kuchlar yer yuzasidagi barcha notekislarni bunyod etib, relief shakillarini paydo qilsa, ekzogen kuchlar ularni yemirish va tekislashga harakat qiladi. Ekzogen (yunoncha exo — tashqi, depon — kelib chiqish) jarayonlar yer yuzasida sodir boʻladigan tabiiy hodisalar boʻlib, ularni harakatga keltiruvchi manba — quyosh energiyasidir. Shuningdek ekzogen jarayonlar litosferaning atmosfera, gidrosfera va biosferalar bilan oʻzaro taʼsiri natijasida sodir boʻladigan tabiiy xodisadir. Ekzogen jarayonlar asosan yer poʻstining yuza qismini oʻzgartiradi. Barcha ekzogen jarayonlar asosan togʻ jinslarini yemiradi (nurash, eroziya, denudasiya, abraziya), yemirilgan jinslarni tashiydi (koʻchiradi) va toʻplaydi (akkumulyatsiya). Ana shu tabiiy hodisalar tufayli yer yuzasining relyefini tekislaydi. Lekin ekzogen jarayonlarning faolligini koʻp xolatlarda endogen jarayonlar belgilab beradi va har ikkalasi qarama — qarshiliklar kurashi va birligi qonuni asosida nomoyon boʻladi. Masalan, togʻlar (vulkanik, tektonik) qanchalar tez va baland koʻtarilsa, ularning yemirilishi shunchalar tezlashadi. Bunda yer poʻstida modda va energiya almashinuvi kuzatiladi. Togʻlab yemirilib, pasayib boradi, tekisliklar esa, choʻkindi jinslar bilan toʻlib, koʻtarila boshlaydi. Yer poʻstidagi mavjud mubozanat buzilib, tektonik harakatlar yangidan faollasha boshlaydi. Ekzogen va endogen jarayonlar shu tarzda bir biri bilan hamkorlikda ishlaydi va bir — biri bilan dinamik birlikda rivojlanadi. Ekzogen jarayonlar ham endi oʻz navbatida ikkiga boʻlinadi: quruqlikdagi va suvli muhitdagi jarayonlar. Quruqlikdagi ekzogen jarayonlar shamol, vaqtincha oqar suvlar, muzliklar tasirida yuzaga keladi. Ekzogen jarayonlarning vaqt davomida rivojlanishiga tektonika, iqlim va antropogen omillar taʼsir etadi.

Nurash jarayonlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Choʻkindi hosil boʻlish muhiti koʻp omilli boʻlib, unda xududning iqlimi, relyefi va geotektonik rejimi muhim ahamiyatga ega. Yer yuzasida ochilib yotgan birlamchi togʻ jinslarining havo, suv va muzlik, haroratning oʻzgarishi va boshqa tabiiy — kimyoviy hodisalar hamda organizmlar taʼsirida parchalanishiga nurash deyiladi. U nurash omillariga qarab fizik, kimyoviy va biologik nurashga boʻlinadi.

Fizik nurash haroratning keskin oʻzgarishi, suv va havo oqimlari, muzlarning harakati natijasida togʻ jinslarining mexanik parchalanishi orqali amalga oshadi. Togʻ jinslarini minerallarning issiqlikda kengayish koʻrsatkichi turlicha boʻlgani tufayli ular turli miqdorda kengayadi va torayadi. Dastlab togʻ jinslarida yoriqchalar hosil boʻladi. Darzliklarda suv singib muzlaydi. Natijada darzliklar kengayadi. Yirik kristall donali jinslarda minerallarning dezintegrasiyasi — donalarning bir-biridan ajralib ketishi sodir boʻladi. Togʻ jinslarining struktura va teksturasi turlicha boʻlgani sababli ham nurash jarayonlari turlicha kechadi. Intruziv tanalarda nurash tufayli yirik harsanglar hosil boʻladi. Suv va havo oqimlari ham juda katta yemirish kuchiga ega boʻladi. Quruqlikda shamol qoyali jinslarni yemirib, deflatsiya va korraziyaga uchratadi. Fizik nurash natijasida turli oʻlchamdagi togʻ jinslari hosil boʻladi.[1]

Haroratli nurash

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Togʻ jinslarining bir hilda isitmasligi sababidan sodir boʻladi. Bunda asosan, haroratning sutkalik tabranishi katta ahamiyatga ega boʻladi. Monomineral togʻ jinslarining yuza qismi bilan pastki qismi oʻrtasida, polimeneral togʻ jinslarida turli qattiqlik va rangdagi minerallar oʻrtasida harorat amplitudasining taʼsiridan siqilish va kengayish kuzatiladi. Natijada togʻ jinsida darzlar paydo boʻlib, asta — sekin parchalana boradi. Haroratli nurash keskin kontinental arid iqlimli oʻlkalarda va arktikada kuchli kechadi. Mexanik nurash suv va havo oqimlarining kuchi, gravitatsion jarayonlar, togʻ jinslarining muzlashi va oʻsimliklar tomiri taʼsirida yemirilishidan namoyon boʻladi. Shamollar taʼsirida yemirilgan togʻ jinslarida turli-tuman gʻaroyib shakllar vujudga keladi. Qoyali relyefda bu vosita gravitatsiya kuchlari taʼsirida togʻ jinslarini mexanik parchalab, turli shakillar va burdalangan material xisobiga kollyuviy hosil qiladi. Suv muzlaganda oʻz hajmini 11 % ga oshiradi. Natijada qor chizigʻidan yuqorisida, arktika, subarktika, dengiz qirgʻoqlarida sovuqdan nurash yuz beradi.[2]

Kimyoviy nurash

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Suv karbonat angidrid, kislorod, organik va anorganik kislotalar taʼsirida beqaror minerallarning oʻzgarishiga kimyoviy nurash deyiladi. Kimyoviy nurash kislotali-ishqorli va oksidlovchi-tiklovchi muhitlarda amalga oshadi. Kislotali-ishqorli muhit suvdagi vodorod ionlarining konsentratsiyasi bilan belgilanadi. Kimyoviy nurashga sulfidlarning oksidlanishidan hosil boʻlgan sulfat kislota va organic materiallarning chirishi tufayli vujudga kelgan gumin kislotalari ham katta ahamiyatga ega. Kimyoviy nurash kimyoviy jarayonlarning 5 turini: 1) erish, 2) gidroliz, 3) ion almashuv, 4) oksidlanish, 5) organik reaksiyalarni oʻz ichiga oladi. Erish minerallarning ion yoki kolloid eritmaga oʻtishidan iborat. Gidrolizda kimyoviy birikmalar suv bilan reaksiyaga kirishib, kuchsiz kislotalar yoki kuchsiz asoslar hosil qiladi. Ion almashuv reaksiyalari gil minerallarida qatlamlararo va sirtqi ionlarning eritma ionlari bilan faol almashinishida sodir boʻladi. Oksidlanish — bu kimyoviy reaksiya jarayonida elektron berishdir.[3]

Nurash qobigʻI

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nurash qobigʻI deb kimyoviy nurashga uchragan elyuviyga aytiladi. Uning qalinligi pastki zonalar hisobiga, pastki zonalari esa tub jinslar hisobiga oshib boradi. Nurash qobigʻining qalinligi 30 — 40 m ni tashkil etadi. Baʼzan 100-200 m gacha yetishi mumkin. Eng qalin nurash qobigʻI tropic va subtropiklarda boʻladi. Choʻkindi jinslarda nurash qobigʻi uncha qalin boʻlmaydi, 5-10 m gacha yetishi mumkin. Choʻkindi jinslar ayniqsa suv va karbonat angidritga boyigan boʻlsa, qisman yoki toʻliq erib, suv bilan chiqib ketadi. Uning oʻrnida karst deb ataluvchi boʻshliq hosil boʻladi.

Maydonli nurash qobigʻI

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maydonli nurash qobiqlari yirik maydonlarda qoplama shaklida rivojlangan boʻladi. Ular tektonik tinch viloyatlardagi yassi togʻliklar va keng suvayirgʻichlardagi maydonlarda rivojlanadi. Bu turdagi nurash qobigʻining qalinligi oʻnlab metrlarga boradi.

Choʻzinchoq nurash qobiqlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Choʻzinchoq nurash qobiqlari darzlashgan zonalar, turli tarkibdagi jinslar kontakti, tomirlar va daykalar boʻylab choʻzinchoq tanalarni hosil qiladi. Bunda nurash qobiqlari parchalangan relyefi burmali togʻlarda vujudga keladi, ularning qalinligi yuzlab metrga borishi mumkin. Baʼzan maydonli nurash qobiqlari oʻzining pastki qismida choʻzinchoq nurash qobiqlariga oʻtib, qalinligi keskin oshadi.

Qadimiy nurash qobiqlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimiy nurash nurash qobiqlari koʻpincha oʻzidan yoshroq choʻkindi jinslar bilan qoplangan. Koʻpchilik nurash qobiqlariesa qisman yuvilib ketgan. Yura va paleogen davrida shakillangan nurash qobiqlari juda keng tarqalgan.

Zamonaviy nurash qobiqlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zamonaviy nurash qobiqlarining shakillanishi xozirgi kunlarda ham davom etmoqda. Ushbu kimyoviy nurash jarayonlari hali nihoyasiga yetmagan, qalin emas va ustki qismida tuproq qatlami mavjud. Nurash qobiqlari bilan koʻplab foydali qazilma konlari bogʻliq. Masalan nurash qobigʻI rivojlangan zonalarda oltin, platina, kassiterit, titanli temitosh, sirkon, monasit, qimmatbaho toshlarning sochilma konlari bogʻliq.

Tuproq yer poʻstining unumdor qatlami boʻlib, unda dehqonchilik qilinadi. Tuproq bir vaqtda kechadigan nurash va tuproq hosil boʻlish jarayonlari tufayli vujudga keladi. Bunda tub togʻ jinslariga suv, havo, quyosh energiyasi, oʻsimliklar va hayvonlar birgalikda taʼsir koʻrsatadi. Tuproq asosan boʻshoq jinslardan iborat boʻlib, magmatic, choʻkindi va metamorfik jinslarning oʻz joyida qolgan yoki maʼlum masofalarga koʻchirilgan materiallarining nurash mahsulotlari hisoblanadi. Tuproq hosil boʻlishida biologik omil, asosan oʻsimliklar ustuvorlik qiladi. Tuproq hosil boʻlishidagi hayvonlarning roli tuproqda yashovchi mayda organizmlarning hayot faoliyati bilan bogʻliq. Tuproqning tarkibi gumus (chirrindi) va ona jinsdan (togʻ jinslari) tarkib topgan.

  1. Chinniqulov Jo'liyev. {{{title}}}, 2011, Toshkent: Mineral resurslar ilmiy-tadqiqot instituti davlat korxonasi. ISBN 978-9943-364-27-1. 
  2. https://www.britannica.com/science/erosion-geology
  3. Chinniqulov Jo'liyev. {{{title}}}, 2011, Toshkent: Mineral resurslar ilmiy-tadqiqot instituti davlat korxonasi. ISBN 978-9943-364-27-1.