Kontent qismiga oʻtish

Elbek

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Elbek (taxallusi; asl nomi Yunusov Mashriq) (1898, Boʻstonliq tumani Xumson qishlogʻi – 1939.11.2, Magadan) – shoir, tilshunos va folklorshunos. 1911-yilda muhtojlik orqasida Toshkentga koʻchib kelib, qarollik bilan shugʻullangan. Xizmatdan boʻsh vaqtlarida „Xoniy“ maktabi (1911), soʻng Avloniyning „usuli savtiya“ maktabi (1914)da oʻqigan. Ayni paytda bosmaxonada ishlab, gaz. sotish bilan turmush kechirgan. Narimonov nomidagi taʼlimtarbiya texnikumida oʻqituvchilik qilgan (1920-yildan). Madaniy qurilish ilmiy tekshirish institutida ilmiy xodim (1931—34). Ijodi 1917-yildan boshlangan. Dastlabki sheʼrlari „El bayrogʻi“, „Turon“, „Turk soʻzi“, „Ulugʻ Turkiston“ gaz.lari, shuningdek, „Oʻzbek yosh shoirlari“ toʻplami (1922)da bosilgan. Elbek – „Armugʻon“, „Yolqinlar“ (1925), „Sezgilar“ (1927), „Mehnat kuylari“, „Gʻunchalar“, „Chirchiq boʻylarida“ (1935), „Bolalar qoʻshigʻi“, „Sheʼrlar toʻplami“ (1936), „Sheʼrlar“ (1937) singari sheʼriy toʻplamlar, „Anorgul“ (1926), „Goʻzal qiz“ (1927), „Turkiston“ (1928), „Bizniki“, „Paxta“, „Oʻtmishim“, „Chirchiq“ (1929), „Batrak kolxozi“ (1930), „Oʻzbekiston“ (1934), „Bogʻbon“, „Etik“, „Mergan“ (1935) singari dostonlar, „Tozagul“ (1934) sheʼriy romani, „Qoʻshchi Turgʻun“ (1925), „Dadamat“ (1936) hikoyalar kitobi muallifi. Elbek sheʼriy va nasriy asarlarida oʻzbek xalqining yaqin tarixidan olingan, shu jumladan, shoirning kechmishkechirmishi bilan bogʻliq voqealar tasviri muhim oʻrinni egallaydi. U tarixiy oʻtmishga murojaat etganida ham, zamonaviy mavzularda qalam tebratganida ham ibratli voqealarni tasvirlashga, zamondoshlarining, ayniqsa, yosh avlodning dunyoqarashi va axloqodobini shakllantirishda katta ahamiyatga ega boʻlgan masalalarni koʻtarishga intilgan. Elbek shu maqsadda hamma uchun tushunarli, ommabop til va uslubda, masal, rivoyat, qoʻshiq singari xalqchil janrlarda asarlar yozishga alohida eʼtibor bergan. A. Avloniy va Hamza qatori, Elbek ham masal janrida olib borgan izlanishlari bilan Gulxaniyning masalnavislik anʼanalarini davom ettirgan, bolalarga bagʻishlangan asarlari bilan oʻzbek bolalar adabiyotining rivojlanishiga sezilarli hissa qoʻshgan, 20-asr oʻzbek adabiyotida birinchi boʻlib sheʼriy roman janrini boshlab bergan.

Elbek 2, 4sinf oʻquvchilari uchun „Yozuv yoʻllari“ (1boʻlak, 1921), „Oʻrnak“, „Boshlangʻich maktabda ona tili“ (1923), „Goʻzal yozgʻichlar“ (1925) kabi oʻquv qoʻllanmalari va majmualarni yaratgan. Xalq ogʻzaki ijodi materiallarini toʻplash va oʻrganish maqsadida 1921—22 yillarda Boʻstonliq tumaniga, 1932-yilda esa Ohangaron va Chirchiq tumanlariga hamda Fargʻona vodiysiga ekspeditsiya uyushtirgan. Elbek ilmiy safarlar natijasida toʻplangan materiallardan 1, 3sinflar uchun „Bilim“ toʻplamida keng foydalangan. „Ashulalar toʻplami“ (1934—35 yillarda 2-marta nashr etilgan), „Laparlar“ va „Ertaklar“ (1935) toʻplamlarini eʼlon qilgan.

Elbek I. A. Krilov, A. S. Pushkin va N. A. Nekrasovning bir necha sheʼrlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Uning „Oʻzbekcha shakldosh soʻzlar“ lugʻati (1934) oʻzbek tilidagi dastlabki omonimlar lugʻatidir.

Elbek 1937-yilda qatagʻon etilib, 10 yillik jazo muddatini oʻtash uchun Magadanga joʻnatilgan va oʻsha yerda vafot etgan. 1957-yil 1-avgustda oqlangan.

  • Tanlangan asarlar, T., 1999.
  • Yunusov M., Hayot nafasi, T., 1983; Qobulov N., Elbek, T, 1988.