Kontent qismiga oʻtish

Elektrosintez

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Elektrosintez (elektro... va yun.— birikish) — turli kimyoviy birikmalarni elektrolizlab olish usuli. Anorganik va organik birikmalarni sintezlash uchun elektrokimyoviy oksidlanishdagi anod reaksiyasidan ham, elektrokimyoviy qaytarilishdagi katod reaksiyasidan ham foydalaniladi. Elektrokimyoviy oksidlanish va qaytarilishga uchraydigan moddaning kimyoviy tabiati, elektroliz mahsulotlari va elektrod materiali xususiyati hamda bir qator boshqa omillarga koʻra, E. reaksiyasi 2 xil jarayonda oʻtadi. 1jarayonda dastlabki birikma elektronlarni bevosita berish yoki biriktirish yoʻli bilan oksidlanadi yoki qaytariladi. 2jarayonda oksidlanish yoki qaytarilish elektrokimyoviy reaksiyalari natijasida elektrod sirtida dastlabki hosil boʻlgan agentlar hisobiga amalga oshadi.

Kimyo sanoatida turli anorganik birikmalar, asosan, oksidlovchilar muhim ahamiyatga ega. Elektrokimyoviy sintez usuli farmatsevtik preparatlar, fotografiya materiallari, vitaminlar, xushboʻy moddalar, monomerlar olishda keng qoʻllanadi.