Elementlar migratsiyasi
Elementlar migratsiyasi — Yer poʻsti va yuzasida kimyoviy elementlarning oʻz joyini oʻzgartirishi va qayta taqsimlanishi. Bu terminni fanga A.Ye. Fersman kiritgan (1923). Elementlar migratsiyasi suyuqfaza (eritmalar, gidrotermal eritmalar, yer osti va yer yuzasidagi suvlar), gazsimon faza (vulkan gazlari va fumarollar, mineral buloqlar va neft konlari gazlari) va qattiq fazada (diffuziya va qayta kristallanish natijasida) sodir boʻlishi mumkin. Qattiq holatda kimyoviy elementlar, asosan, mexanik yoʻl bilan (toʻkilib tushishi, suv oqimlari, changtoʻzon va boshqalar) koʻchadi. Suvli eritmalarda elementlar ionlar, molekulalar va kolloid zarralar shaklida, gazlarda esa molekulyar va aerozollar tarzida siljiydi. Migratsion xususiyat turli elementlarda turlicha boʻlib, kimyoviy birikmalarning tarkibiga va elementlarning qanday fizik sharoitda koʻchishiga bogʻliq. Elementlar migratsiyasi natijasida kimyoviy elementlarning ayrimlari sochilib,,tarqalib ketadi, qolganlari esa toʻplanadi va koʻpincha sanoat ahamiyatiga ega konlar hosil boʻladi. Intensiv Elementlar migratsiyasi metasomatizm, dengiz havzalarida kimyoviy differensiatsiya va boshqalar jarayonlarda kuzatiladi. Tashqi jarayonlar taʼsirida boʻladigan Elementlar migratsiyasida biogeokimyoviy jarayonlar katta rol oʻynaydi. Foydali qazilmalarni geokimyoviy usullar yordamida qidirishda Elementlar migratsiyasi qonuniyatlariga asoslaniladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |