Kontent qismiga oʻtish

Emotsiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Turli xil inson emotsiyalari
Turli xil inson emotsiyalari

Emotsiya (frans. lotincha — larzaga keltiraman, hayajonlantiraman) — odam va hayvonlarning tashqi va ichki qoʻzgʻatuvchilar taʼsiriga nisbatan subyektiv reaksiyalari. E. qoniqish yoki qoniqmaslik, quvonch, qoʻrquv va boshqalar shakllarda namoyon boʻladi. E. ixtisoslashgan miya tuzilmalarining faol holatidan iborat boʻlib, odam va hayvonlarda bu holatni minimal yoki maksimallashtirish (kuchaytirish, takrorlash) istagini paydo qiladi. E xususiyati zarur ehtiyoj va uni qoniqtirish imkoniyati bilan belgilanadi. Ehtiyojni qoniqtirish ehtimoli kam boʻlganida E. salbiy (qoʻrquv, gʻazab) shaklda namoyon boʻladi. Aksincha uni qondirish ehtimoli kutilganiga nisbatan yuqori boʻlganida E.ga ijobiy tus (qoniqish, quvonch) beradi. Miyaning turli qismlariga elektr toki taʼsir ettirish orqali dastlab hayvonlarda, keyinchalik odamlarda salbiy va ijobiy E. paydo qiladigan nerv markazlari aniqlanadi. Bu markazlar, asosan, bosh miya poʻstlogʻining oldingi qismida, limbik sistemasi (uzunchoq miya, oraliq miya, oʻrta miyaning bir qancha tuzilmalari majmui)da, markaziy kulrang moddada va gipotalamusda joylashgan. E. oʻrganish, hosil boʻlgan shartli reflekslarni mustahkamlash jarayonida benihoya katta ahamiyatga ega. E. bilimlarni oʻzlashtirish (zehn) chegaraskni kengaytiradi; xotirani faollashtiradi, odam va hayvonlar kommunikatsiyasida qoʻshimcha vosita (mimika, nutq yoki tovush intonatsiyasi va boshqalar) boʻladi. Odamda oliy ijtimoiy ehtiyojlar asosida paydo boʻluvchi differension va turgun E.lar, odatda, hissiyot deb ataladi. Hissiyotlar oʻzining yuzaga kelishi nuqtai nazaridan odamning ehtiyojlari,qiziqishlari va intilishlari bilan bogʻliq boʻladi