Kontent qismiga oʻtish

Ensefalomiyelit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ensefalomiyelit (yun. — bosh miya va — orqa miya) — bosh va orqa miyaning bir vaqtda yalligʻlanishi. E. koʻpchilik yuqumli va neyroallergik, toksik kasalliklarda markaziy nerv sistemasining zararlanishidan kelib chiqadi. E.ni viruslar ham qoʻzgʻatadi. E.da bosh va orqa miyada oq va kulrang moddalar, qon tomirlarning yalligʻlanishi, miyelin pardaning yemirilishi va boshqalar roʻy beradi. Miyelin parda boʻlmasa nerv tolalari orqali impulslar oʻtmay qoladi, natijada nerv tizimining koʻpgina boʻlimlari izdan chiqadi. E. odam va hayvonlarda (asosan, ot va boshqalar) uchraydi. U turli infekniyalar, intoksikatsiya oqibatida vujudga kelishi, shuningdek, mustaqil kasallik tarzida (mas, birlamchi oʻtkir tarqoq E.) kechishi mumkin. Shunga koʻra, neyrotrop viruslar qoʻzgʻatadigan birlamchi E. hamda biror yuqumli kasallikdan yoki ogʻir yuqumli kasallikka qarshi organizmga vaksina yuborilgandan soʻng yuzaga keladigan ikkilamchi E. ajratiladi.

Birlamchi E.ni neyrotrop viruslar qoʻzgʻatadi. Kasallik toʻsatdan boshlanib, bemor qattiq isitmalaydi, boshi, qoʻloyoqlari ogʻriydi, boshi aylanadi, qayt qiladi, koʻzi xiralashadi. Muskullar tonusi va reflekslar kuchayadi, baʼzi bemorlarning qoʻloyoqlari falajlanadi, harakatlari poymapoy boʻlib, gandiraklab yuradi, nozikroq harakatlarga (mas, yozish, kiyimini tugmalash va boshqalar) qoʻli qovushmay qoladi, qoʻloyoqlari qaltiraydi. Nafas olish va yutish faoliyati buziladi; bemor nutqi oʻzgarib, ravon gapira olmaydi, ovqat yeganda qalqiydi va hokazo. 2—3 oydan soʻng kasallik ancha yengillashadi, ammo harakatdagi oʻzgarishlar butunlay yoʻqolmaydi. Baʼzan E. faqat orqa miyaning oʻzida oʻtadi, bunda orqa miyani qaysi qismi zararlanganligiga qarab kasallikning klinik koʻrinishi ham unga xos boʻladi, mas, boʻyin qismida boʻlsa ikki qoʻl va oyoqlarda falajlar; bel qismida — ikki oyoqlarda periferik yoki atrofik "lanj, boʻsh" falajlar kuzatiladi.

Ikkilamchi E.ga kiradigan postvaksional E. kam uchraydi. U quturish kasalligiga qarshi emlangandan 10—20 kun oʻtgach paydo boʻladi. Bunda bosh va orqa miyadan tashqari periferik nervlar va bosh miya poʻstloqlari ham zararlanadi. Dastlab, bosh, soʻng bel ogʻrib, bemor isitmalaydi. Keyinchalik qoʻloyoqlar falajlanib, siydik tutiladi va hokazo. Oʻz vaqtida davolansa bemor sogʻayib ketadi.

Davosi. E.da bemor tezda kasalxonaga yotqiziladi va kasallik alomatlariga qarab doridarmon va boshqalar muolajalar buyuriladi.