Kontent qismiga oʻtish

Ergash Yoʻldoshev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ergash Yoʻldoshev (1924.1.5, Chust tumani — 1991.8.1, Toshkent) — xonanda (dramatik tenor), Oʻzbekiston xalq artisti (1974). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1958). Oʻzbek anʼanaviy ijrochilik uslublarini M. Uzoqovdan oʻrgangan. Ijodiy faoliyatini Chust tumani kolxoz — sovxoz teatrida boshlagan (1939—41). Yangiyoʻl teatri (1942-45), Toshsovet teatri (1945—47) artisti, Oʻzbek davlat filarmoniyasi (1948—58), Navoiy nomidagi opera va balet teatri (1958—82)da yakkaxon xonanda. Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutida dars bergan (1982—88). Ijrochilik sanʼatida opera vokal texnikasi, oʻzbek anʼanaviy xonandalik uslublari uzviy bogʻlanib ketgan. Na-fasi keng, baland pardalarni ravon va mohirona egallagan. Musiqali dramalarda Qodir, Norboʻta (S. Abdulla; T. Jalilov, „Tohir va Zuhra“, „Oftobxon“), Gʻirdak (H. Olimjon; Yu. Rajabiy, „Muqanna“) va b. obrazlarni yaratgan; operalarda Omon (T. Sodiqov, Yu. Rajabiy, D. Zokirov, B. Zeydman, „Zaynab va Omon“), Choʻpon (S. Yudakov, „Maysaraning ishi“), Niyoz (M. Yusupov, „Xorazm qoʻshigʻi“), Moniy (M. Ashrafiy, „Dilorom“), Qodir (T. Sodiqov, R. Glier, „Gulsara“) kabi bosh partiyalarni ijro etgan. Repertuaridan maqom yoʻllari („Dugoh“, „Bayot“ va boshqa), katta ashula, xalq („Tanavor“, „Zor etding“) va oʻzbek bastakorlarining („Ey, sarvi ravon“, „Dutorim“, „Oʻynab oʻting, shabbodalar“, „Oʻzbekistondan“ va boshqa) ashula, yalla va qoʻshiqlari oʻrin olgan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil