Évariste Galois
Evarist Galua (IPA: evaʁist gaˈlwa; 25 oktabr, 1811 – 31 may, 1832) fransuz matematigi boʻlgan. Oʻsmirligidayoq koʻphadlarni radikallar bilan yechishni taklif qilib, uzoq yillar davomida koʻrilib kelinayotgan muammoni hal qildi. Uning ishlari algebraning katta sohalaridan biri - Galois nazariyasiga asos boʻldi.
Tarjimai holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Galua 1811 yilning 25 oktabrida Parij yaqinidagi Bourg-la-Reine qishlogʻida, Nicolas-Gabriel Galois va Adélaïde-Marie (qizlik familiyasi Demante) oilasida tugʻildi. Otasi Nicolas-Gabriel siyosatdon boʻlib, keyinchalik (1814) qishloq hokimi lavozimiga oʻtirdi. Onasi Adélaïde-Marie esa oʻqimishli, klassik adabiyotga qiziquvchi va lotin tilidan boxabar ayol edi; u oʻgʻlining tarbiyasiga katta eʼtibor qaratgan.
Évariste 1823 yili "Louis-le-Grand" litseyiga oʻqishga kiradi. U yerda lotin tilidan mukofotga erishadi. 14 yoshida esa matematikaga qiziqib ketadi (keyinchalik u bunga Adrien Marie Legendre'ning Éléments de Géométrie kitobi sabab boʻlganini aytadi). 15 yoshiga kelib u Joseph Louis Lagrange va Niels Henrik Abel'larning professional matematiklar uchun yozgan ishlarini oʻqir edi, bu esa uning boshqa fanlarni tashlab qoʻyishiga va oʻqituvchilardan dakki eshitishiga olib kelardi.
1828 yili Évariste "École Polytechnique" maktabiga kirmoqchi boʻladi, biroq imtihonlardan yiqiladi. Bundan keyin u oʻsha yili "École Normale"'ga oʻqishga kiradi va u yerda matematika bilan jiddiy shugʻullana boshlaydi. 1829 yili uning uzluksiz kasrlar bagʻishlangan ishi nashr etiladi. Keyinchalik u koʻphadli tengliklar haqidagi ishlarini Fanlar Akademiyasiga yuboradi, biroq u yerda bu ishlarni jiddiy qabul qilishmaydi.
1829 yilning 28 iyulida Galois'ning otasi siyosiy sabablarga koʻra oʻzini oʻldiradi. Bu Évariste'ga salbiy taʼsir qilib, u yana "École Polytechnique"'ga kira olmaydi (guvohlarga koʻra u imtihon topshirayotganida savollarga toʻgʻri javob bergan, lekin ularni izohlamagan; baʼzi afsonalar esa u imtihon qabul qilayotgan domlalarga doska artuvchi latta uloqtirganini hikoya qilishadi).
1829 yilning 29 dekabrida u bakalavrlikni himoya qiladi. Unga pedagoglar shunday baho berishgan: "Bu oʻquvchi gʻoyalarini yaxshi tushuntirib bera olmasa-da, juda aqlli va qiziqqondir."
Respublikachi Galois siyosatga faol berilgani uchun bir necha bor hibsga olingan. Lekin u qamoqdaligida ham matematik tadqiqotlarini davom ettirgan.
Évariste Galois 1832 yili 30 may kuni duelda qatnashib, halok boʻldi. Duel sabablari noaniq, biroq shunisi maʼlumki, Galois dueldan besh kurun avval doʻsti Auguste Chevalier'ga maktub yozgan va bu xatda omadsiz sevgi haqida gap ketgandi.
Galois juda erta, yigirma yoshida vafot etgan boʻlsa-da, uning algebraga qoʻshgan hissasi hurmatga sazovordir va maktab darsliklariga u haqida maʼlumotlar kiritilgan.
Shuningdek
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- The Galois Archive (Évariste Galois tarjimai holi, xatlari, matnlari)