Kontent qismiga oʻtish

Evristika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Evristika (yun. peshtzko — izlayman, topaman) — 1) masala yechishning maxsus usullari (evristik usullar). Masalani aniq matematik modellarga tayanib va anʼanaviy usullardan foydalanib yechishning aksi. Evristik usullardan foydalanish masalani yechish vaqtini ancha qisqartiradi. Bunday usulda olingan yechim eng toʻgʻri yechim hisoblanmaydi, balki mumkin boʻlgan yechimlardan biri boʻladi. Koʻpincha, E. yordamida qoʻyilgan maqsadga erishib boʻlmaydi. Baʼzan psixologik va kibernetik adabiyotda evristik usullarga masalalar yechishning induktiv usullari sifatida tushuniladi; 2) EHM (kompyuter) uchun dasturlar tuzish usuli (evristik dasturlash). Agar oddiy dasturlar tuzish usulida dasturchi masalani yechishning tayyor matematika usulini EHM ga "tushunarli" shaklga kodlasa, evristik dasturlashda u masalani yechishning intuitiv (his qilib) tushuniladigan usulini shakllantirishga intiladi. Bu usul ham oldinga qoʻyilgan vazifani mutlaq hal qilishga imkon bermaydi; 3) mahsuldor ijodiy fikrlash (tafakkur) jarayonini tashkil qilish (evristik faoliyat); 4) evristik faoliyatni oʻrganadigan predmet; fikrlash haqidagi fanning maxsus boʻlimi. Fan sifatida psixologiya, sunʼiy intellekt nazariyasi, strukturaviy lingvistika, axborotlar nazariyasi predmetlarining omixtasi sifatida rivojlanadi; 5) maxsus oʻqitish usuli (Suqrot suhbatlari) yoki muammolarni koʻplashib hal qilish. Bunda taʼlim olayotgan kishilarga yoʻnaltiruvchi qoʻshimcha savollar va misollar beriladi. Murakkab muammolarni koʻplashib hal qilishda gʻoya muallifiga ishtirokchilar yoʻnaltiruvchi savollar, misollar, aks misollar berishadi.