Kontent qismiga oʻtish

Fadak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fadak— Shimoliy Hijozdagi dehqonchilik vohasi. Madinadan 2-3 kunlik yo‘lda, Xaybar yaqinida joylashgan. Hozirda mavjud emas. Fadak aholisini yahudiylar tashkil etib, ular g‘alla va xurmo yetishtirish bilan shug‘ullanganlar. Islomning ilk davrida voha taslim bo‘lish haqida musulmonlar bilan tuzilgan bitimga ko‘ra shuhrat qozongan. Bitimda Muhammad (s.a.v) Fadak yerlaridan olinadigan daromad haqidagi masalani yechib berganlar. 627-yilda Muhammad (s.a.v) Fadak aholisi Xaybarga harbiy yordam berishini taklif etganidan xabar topib, u yerga Ali (kv) boshchiligida kichik qo‘shin yuborganlar. Bu yurish oddiy chopqun tusida bo‘lgan. Kelasi yili, musulmonlar Xaybarni egallagach, Fadak yahudiylari Muhammad (s.a.v) elchilari Muxayyisha ibn Mas’ud al-Ansoriy bilan muzokara olib borishgan. Butun mol-mulklari evaziga vohani tashlab ketishga ruxsat so‘rashgan. Lekin Muhammad (s.a.v) bilan tuzilgan sulh bitimiga ko‘ra, ular Fadakda qolishgan, vohadagi yerlarning yarmi ularning xususiy mulki ekanligi eʼtirof etilgan, qolgan yarmidan keladigan daromad Muhammad (s.a.v) va u zotning xonadoniga topshiriladigan bo‘lgan. Rasululloh (s.a.v) bu daromadlarni jamoat ehtiyojlari uchun (yetim-yesirlar, sayyohlar, kambag‘allar, jumladan, hoshimiylar urug‘ining eng kambag‘al qatlamini taʼminlashga) sarflashga buyruq berdilar, shu bilan birga zaruriyat tug‘ilsa ularni o‘zlariga, oilalariga va qarindosh-urug‘lariga sarflayajaklarini bildirdilar. Muhammad (s.a.v) vafotlaridan so‘ng, qizlari Fotima Fadakdan (shu bilan birga Xaybar vohasidan) olinadigan daromadga ega merosxo‘r sifatida chiqqan. Xalifa Abu Bakr (r.a) unga Rasululloh (s.a.v)ning „Mening merosxo‘rlarim yo‘q va mendan keyin qoladigan barcha narsalar zakot kabi xayrli maqsadlarga mo‘ljallangan jamoa mulki (sadaqa) bo‘lib qoladi“,-degan hadislarini aytib eʼtiroz bildirgan. Garchi Fotima daʼvosi rad etilgan bo‘lsa-da, Fadak maqomi haqidagi janjal ikki yuz yildan oshiq davom etgan. Shialar fikricha, Fadak yerlari Rasululloh (s.a.v) xonadonining merosiy xususiy mulkidir. Siyosiy vaziyatdan kelib chiqib, Alaviylarning daʼvosi goh eʼtirof qilingan, goh oliy hokimiyat tomonidan rad etilgan. Fadak uchun uzoq davom etgan kurash shundan dalolat beradiki, ilk islom davrida mulkning ikki xil shakli — xususiy va jamoa mulklari o‘rtasida aniq farq bo‘lgan, mulkdorlar tegishli huquq va majburiyatlarga ega edilar.

ISLOM ENSIKLOPEDIYASI"Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi" Davlat ilmiy nashriyoti, 2004