Fan-texnika taraqqiyoti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fan-texnika taraqqiyoti — fan bilan texnikaning oʻzaro bogʻliq, yagona, ilgarilab boruvchi taraqqiyoti; ijtimoiy taraqqiyot asosi. Dastlab fan rivoji bilan texnika taraqqiyoti oʻrtasidagi yaqinlashuv XVI–XVIII-asrlarda manufaktura ishlab chiqarishi bilan bogʻliq holda sodir boʻldi. Bungacha moddiy ishlab chiqarish empirik tajribalar, hunarmandlik asosida shakllangan. Teologiya va sxolastika taʼsiridagi tabiat haqidagi ilmiy nazariy bilimlar ham ishlab chiqarishga xech qanday salbiy taʼsir qilmasdan sekinlik bilan rivojlangan.Ilmiy va texnikaviy taraqqiyot inson faoliyatining 2 ta nisbatan mustaqil yoʻnalishi sifatida yuksala boshlagan.

XVI asrda savdo-sotiq va yirik manufakturadagi tub oʻzgarishlar bir qancha aniq vazifalarni nazariy va eksperimental hal qilishni talab qildi. Bu davrda fan Uygʻonish davri gʻoyalari taʼsirida sxolastika anʼanalarini parchalab, amaliyotga murojaat qildi. Kompas, porox va kitob nashr qilish ilmiytexnikaviy faoliyatga asos solgan 3 ta yirik kashfiyot boʻldi. Suv tegirmonlarining rivojlanayotgan manufaktura ishlab chiqarishida qoʻllanilishi baʼzi mexanik jarayonlarni nazariy tadqiq etishni talab qildi. Natijada charxpalak gʻildiragi, charxpalak harakati nazariyasi, karshilik va ishqalanish taʼlimotlari yaratildi. Fan bilan texnika yaqinlashuvining 2-bosqichi mashina ishlab chiqarishning XVIII asr oxiridan boshlab taraqqiy etishi bilan bogʻliq boʻlib, bunda fan bilan texnika bir-birining jadal rivojlanishiga taʼsir koʻrsatdi. Bu davrda ilmiy tadqiqot faoliyatida nazariy masalalarni hayotga tatbiq qilishga daʼvat etuvchi fanning maxsus boʻgʻinlari paydo boʻldi: amaliy tadqiqotlar, ishlab chiqarish tadqiqotlari, amaliy konstruktiv ishlanmalar va hokazo. Fan-texnika taraqqiyotining 3-bosqichi fan-texnika inqilobi bilan bogʻliq. Uning taʼsirida texnika taraqqiyotiga qaratilgan ilmiy sohalar kengayadi. Texnik masalalarni hal qilishda biologlar, fiziologlar, psixologlar, mantiqshunoslar ishtirok etadi. Ma’lumki, har qanday holatda ham ilmiy-texnika taraqqiyotining bosib o’tgan tarixiy asoslari bor. Bunga yaqin kelajakka bir nazar solaylik. XX asrning o’rtalariga kelib fanning ijtimoiy hayotdagi roli mislsiz darajada oshdi. Fanlar taraqqiyotidagi inqiloblarning xarakteri o’zgardi, ya’ni ilm sohasidagi inqiloblar texnika sohasidagi axborotlar bilan uyg’unlashib ketdi va ilmiy-texnika inqilobi yuzaga keldi, shuningdek ijtimoiy fanlar yoʻnalishlari, iqtisod va ishlab chiqarishni tashkil qilish, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni ilmiy boshqarish, aniq ijtimoiy tadqiqotlar kabilarga bilvosita taʼsir qiladi. Fanning texnikaga nisbatan yetakchilik mavqei yanada yorqin namoyon boʻladi, fan texnikani uzluksiz inqiloblashtiruvchi kuchga aylanadi. Oʻz navbatida, texnika ham fan taraqqiyotiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, uning oldiga yangi talab va vazifalar qoʻyadi. Hozirgi zamon fantexnika inqilobining xarakterli xususiyati uning sanoat bilan birga ijtimoiy hayotning turli sohalari: qishloq xoʻjaligi, transport, aloqa, tibbiyot, taʼlim, maishiy xizmat kabilarni qamrab olganligidadir.