Kontent qismiga oʻtish

Fara

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Fara (frans. phare – mayoq, mayoq chirogʻi) – transport vositasi (avtomobil, traktor va boshqalar) hamda oʻziyurar mashinalarning yoʻlni, ish bajarilayotgan joy va boshqalarni yoritish uchun moʻljallangan elektr asbobi. Asosiy qismlari – shtamplab yasalgan korpus va optik elementlar. Optik element yupqa alyuminiy qatlami surkalgan poʻlat qaytargich, bir yoki ikki tolali choʻgʻlanma lampadan iborat yoritish manbai va yorugʻlikni sochib beradigan gʻadir-budir shishadan iborat. Yorugʻlik qaytargich fokusida joylashgan quvvatliroq toladan tarqaladigan nur uzoqni yoritadi, kichikroq quvvatli ikkinchi tola fokusdan yuqoriroqda chap tomonda joylashgan boʻlib, yaqinni yoritish uchun moʻljallanadi. Yod lampali faralar keng tarqalgan. Bunday lampalarning kolbasiga yod bugʻlari boʻlgan siyraklashtirilgan gaz toʻldiriladi. Har bir transport vositasiga kamida bir juft faralar oʻrnatiladi. Ular mashinaning boʻylama oʻqiga nisbatan simmetrik tarzda joylashtiriladi. Baʼzi mashinalarda tumanga qarshi ikkita qoʻshimcha faralar ham oʻrnatilishi mumkin. Maxsus mashinalar (oʻt oʻchirish mashinalari, sanitariya mashinalari va boshqalar) ga buriladigan F.lar ham oʻrnatiladi. Baʼzan faralar mashina orqasiga ham oʻrnatiladi (masalan, traktorlarda tirkamani yoki plugni yoritish uchun shunday qilinadi).