Kontent qismiga oʻtish

Fargʻona haqiqati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fargʻona haqiqati - Fargʻona viloyati hokimligining ijtimoiy-siyosiy gazetasi. 1917-yil oktabrdan Qoʻqon shahrida "El bayrogʻi" nomi bilan nashr etila boshlagan. Keyinchalik "Mehnat bayrogʻi" (1918 — 1922), "Fargʻona" (1922—1926), "Yangi Fargʻona" (1926— 1932), "Kommuna" (1932—1990), "Oltin vodiy" (1991—1993) nomlari bilan chiqqan; 1993-yil noyabrdan hozirgi nomda.

Oʻz vaqtida gazetasining faoliyat koʻrsatishiga Akmal Ikromov, Nazir Toʻraqulov singari respublika arboblari yaqindan yordam berishgan. Gazetaning ommalashib borishida Hamza Hakimzoda Niyoziy, Soʻfizoda, Abdulla Qodiriy, Sobir Abdulla, Abdulla Qahhor, Usmon Nosir, Sharif Rizo, Naim Sayd, Sharif Murtazin, Toʻlagan Soatov, Muhiddin Xayrullayev, Hasan Izzatiy kabi yozuvchi va jurnalistlarning xizmati katta boʻlgan. Keyinchalik, ularning ishini A.Mirzayev, A.Hamdam, J.Mashrabiy, Sh.Toshmatov, Yu.Karimov, H.Qodirov, A. Qambarov, A.Olim, V.Muzaffarov kabi jurnalistlar davom ettirgan. Oxunjon Hakimov, Muhammadjon Xayrullayev, Abdukarim Nabixoʻjayev, Yoʻldosh Sulaymon, Malika Mirzayeva, Sanʼat Mahmudova, Abdujabbor Husanov, Komil Joʻra, Alisher Ibodinov, Muhabbat Ibrohimova, Abdujalil Bobojonov, Mahfuza Usmonovalarning gaz. ijodkorlarining 3-avlodi deyish mumkin.

Gazetaga turli yillarda B. Soliyev, A. Zohiriy, Q. Sorokin, M.Miroqilov, Naim Sayd, Lutfulla Olimiy, Akmal Poʻlat, Ahmad Yodgorov, Abdulla Mirzayev, Adxam Hamdam, Doniyor Ergashev, Ahmadali Xoʻjayevlar muharrirlik qilishgan.

1993-yil noyabrdan "F.H." va "Ferganskaya pravda" gazetalarining taxririyatlari birlashtirilgan. "F.H." va "Ferganskaya pravda" gazetalari viloyat aholisining respublika, viloyat va dunyo miqyosida roʻy berayotgan yangiliklardan, bunyodkorlik ishlaridan xabardor etish va ularni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga, islohotlarni chuqurlashtirish, xalq farovonligi va turmush darajasini oshirish, tinch-totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash ishlariga jalb qilishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Ayni paytda gazeta haftasiga 2 marta 8 sahifada 7 ming nusxada chop etilmoqda. Bosh muharriri: Fotih Azimov (2002-yil sentabrdan).

Abdujalil Bobojonov.