Kontent qismiga oʻtish

Fatsiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fatsiya (lot. facies – koʻrinish, qiyofa) (geologiyada) – choʻkindi togʻ jinslari majmuasi, hosil boʻlish sharoitlarini tavsiflovchi muayyan litologik va minerologik xususiyatlarga ega. Paydo boʻlish sharoitlariga koʻra dengiz, quruqdik va oraliq fatsiyalariga boʻlinadi. Fatsiyaning yirik bir xil tipli majmualari kesimda formatsiyalarga birlashadi. „Fatsiya“ terminini fanga XIX asrda shveysariyalik geolog A. Gresli kiritgan. U fatsial oʻzgarishlarning kelib chiqishini togʻ jinslarining hosil boʻlish sharoitlaridagi farqi bilan bogʻladi va ularni hozirgi zamon dengiz tubida kuzatilishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlar bilan taqqosladi, ularni guruhlab, toʻplanish sharoitiga qarab litoral va pelagial fatsiyalar deb atadi. Fin geologi P. Eskola esa metamorfik jinslarga tatbiqan „metamorfizm fatsiyasi“ tushunchasini kiritdi. 1933-yil L. V. Pustovalov jinslar hosil boʻlish jarayonida paydo boʻlgan bir xil geokimyoviy belgilarga ega qatlam va qatlam svitasini ifodalaydigan „qazilma geokimyoviy Fatsiya“ tushunchasini tatbiq etdi. „Geokimyoviy Fatsiya“ termini neft hosil boʻlishida asos boʻlgan organik moddaning toʻplanishida muhim ahamiyatga ega choʻkindi hosil boʻlish va diagenez muhitining geokimyoviy xossalarini koʻrsatadi. Shuning uchun bu termin neftchi geologlar orasida keng qoʻllanadi. Amerikalik geologlar (F.Pettijon, L. Sloos, U. Krumbeyn) „litologik fatsiyalar“ (yoki litofatsiyalar) tushunchasini kiritdilar; bu tushuncha muayyan joydagi stratigrafik gorizont jinslarining litologik tarkibini bildiradi (masalan, qum fatsiyasi, gil fatsiyasi); jinslarning mineralogik tarkibi, strukturasi yoki teksturasiga koʻra ajratilishi ham shu tushunchaga kiradi. „Biologik Fatsiyalar“ (biofatsiyalar) ham boʻlib, organizmlar qoldiqlariga asoslanib tiklangan qazilma biotsenozlardir (masalan, marjonpolip fatsiya, graptolit fatsiya va boshqalar). Fatsiyalarni tarixiy geologiyaning boʻlimi – fatsiyalar haqidagi taʼlimotda oʻrganiladi. Yer tarixining qadimgi davrlari uchun bu sharoitlarni rekonstruksiya qilish usullari esa, fatsial analiz deyiladi.