Kontent qismiga oʻtish

Feride Osmanovich

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ferida Osmanovich—(bosn. Ferida Osmanović; 1995-yil iyulda Tuzla atrofida vafot etgan) – Srebrenicadagi qirgʻin paytida eri oʻldirilgandan soʻng oʻzini oʻldirgan bosniyalik ayol. Umidsizlikdan oʻzini osib qoʻygan Feridaning surati butun dunyoga mashhur boʻlib, AQShda Bosniya urushi haqidagi jamoatchilik fikrini oʻzgartirishga ham taʼsir koʻrsatgan.

Oʻsha paytdagi AQSH vitse-prezidenti Albert Gore, 21 yoshli qizi gazetada bu suratni koʻrib, undan bunday voqea qanday sodir boʻlishi mumkinligini soʻraganidan soʻng, Srebrenicadagi qirgʻinga barham berish boʻyicha faol harakatlarni boshlagan[1]. Gore xuddi shu savol bilan AQSH prezidenti Bill Klintonga murojaat qilib, dunyoning Srebrenicadagi fojiani oldini olishdagi harakatsizligi va bu qirgʻinga yoʻl qoʻyganligidan afsusda ekanligini bildirgan[2].

Ferida Osmanovich surati 1995-yil 11-iyuldan soʻng tezda butun dunyo boʻylab gazetalarning birinchi sahifalarida eʼlon qilingan. Uning ikkita farzandi bor edi: Damir va Fotima. Oilasi Srebrenicadan 30 km janubi-sharqda va Serbiya chegarasidan 5 km masofada joylashgan Jezero qishlogʻida yashagan. Eri Selman mebel fabrikasida ishlagan. Jezero Serbiyaga yaqin boʻlgani uchun 1992-yil aprelida serb harbiylashtirilgan guruhlari tomonidan birinchilardan boʻlib etnik tozalashga duchor boʻlgan. Ular Feridaning oilasidan ikki kishini oʻldirib, uylarini yoqib yuborishgan. Oila esa serb qoʻshinlari hujumidan qochib kelgan qochqinlar bilan toʻlib ketgan Srebrenicadan qoʻnim topgan. Ular boshqalarga qaraganda omadliroq edilar, chunki Feridaning amakivachchasi oldinroq Srebrenicani tark etib, uyini qarindoshlariga qoldirgan.

1995-yil 11-iyulda Mladich boshchiligidagi serb qoʻshinlari Srebrenicaga hujum qilib, deyarli hech qanday qarshiliksiz uni egallashgan. Selman serblar tomonidan oilasidan ajratilgan va oʻldirilgan. Ferida ikki farzandi bilan Tuzlaga olib ketilgan. Bir kuni kechasi Ferida qochqinlar lagerini tark etgan va ertasi kuni ertalab aerodrom yaqinidagi oʻrmonda daraxtga osilgan holda topilgan. Uni kimligini dastalab bilishmagan, uning jasadining ikkita surati „Associated Press“ ning mustaqil fotografi Darko Bandich tomonidan olingan. Ferida nomaʼlum qabrga dafn etilgan va faqat olti oydan keyin bolalari uni surati yordamida tanib olishgan. Bandichning oʻzi uchun bu surat u guvohi boʻlgan koʻplab dahshatli voqealardan birortasidan farq qilmagan.