Kontent qismiga oʻtish

Feruz (ashula)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"FERUZ" — Xorazm maqomlarining Navo maqomi pardalari asosida yuzaga kelgan mumtoz ashulalar turkumi. Ogahiyning "Vah ne balodur bilmadim, ey dilrabo, qoshu kuzing" gʻazaliga bogʻlangan "Eski Feruz" ("Feruz" II deb ham yuritiladi) Muhammad Rahim I davrida yaratilgan. Avj qismida Xorazm doston kuy (noma)laridan "Nolish"ning cholgʻu muqaddimasi ishlatilgan. "Feruz" I "Eski Feruz"ga nisbatan hajman yirik, avjlari baland. U oldin Feruz gʻazali "Bazmimga keldi ul pari..."ga solib uqilgan. Keyinchalik xonning uzi "Feruz" I ni ustozi Ogahiyning "Mushkin qoshingni hayʼati ul chashmi jallod ustina" gʻazali bilan aytilishini amr etgan. Ikkala "Feruz" uch chorakli oʻlchovda rivojlangan "Zarbul qadim" usulida ijro etiladi. Ularga savtlar ham bogʻlangan. Baʼzi taxminlarga koʻra, mazkur savtlar Muhammad Rahim II saroyi maqomchisi Matyoqub Fozachi ijodiga mansub. Savti Feruz 1 murakkab tuzilishga ega. Uning Ufari joʻshqin, shiddatli doira usuliga bogʻlangan. Ufarning oʻrta pardalarida hofizdan ovoz mahoratini talab etiladigan oktava sakrashlari mavjud. Savti Feruz I ning H. Boltayev va R. Jumaniyozovlar hamnafasligida ijro etilgan namunasi mashhur. Savti Feruz II ning ohanglari Naqshi Navoning aynan uziga oʻxshasa ham, kuy tuzilishi undan farq qiladi. U Savti Feruz I ga qaraganda shuxchan va jozibaliroq. K. Otaniyozov, M. Rahimov, N. Yusupova, A. Vafoyev, O. Xudoyshukurov, J. Nabiyev va boshqa "F." turkumining mashxur ijrochilaridir. Botir Matyoqubov.