Figurali uchish
Figurali uchish — sport turi. Uning asosida konkida yuguruvchi sportchining muz ustida harakat yoʻnalishini oʻzgartirishi, aylanishlar va sakrashlar bilan bogʻliq maxsus xarakatlari yotadi. Ayollar va erkaklarning yakka holda, juft holda uchishi va sport raqslari boʻyicha musobaqalarni oʻz ichiga oladi. Yakka holda uchish maktab deb nomlangan 3 ta majburiy rasmfigura, 7 majburiy elementdan iborat qisqa erkin dastur (bajarish vaqti 2 min.gacha) va shaxsiy erkin dasturini (ayollar uchun 4 min., erkaklar uchun 5 min) bajarishni tashkil etadi. Juft holda uchish kiska dastur (6 majburiy element — qadamlar kombinatsiyasi, koʻtarish; alohida va birgalikda aylanishlar, sakrashlar; 3 min.gacha davom etadi) va erkin dastur (5 min)dan iborat. Sport raqslari dasturida 3 majburiy, original va erkin raqslar boʻladi. Figurachilarning mahorati 6 balli tizim bilan baholanadi. Figurali uchish sport turi sifatida 19-asrning 60-yillarida paydo boʻldi. Yevropa chempionatlari — 1891-yildan yakka holda uchishda (ayollar — 1930-yildan), 1930-yildan juft holda uchishda; jahon chempionatlari — 1896-yildan yakka xrlda uchishda (ayollar — 1906-yildan), 1908-yildan juft holda uchishda oʻtkaziladi. Sport raqslari boʻyicha jahon birinchiligi 1952-yildan oʻtkaziladi. Figurali uchish 1924-yildan qishki olimpiada oʻyinlari dasturiga kiritildi (sport raqslari — 1976-yildan; 1908 va 1920-yillarda musobaqalar Olimpiada oʻyinlari dasturida oʻtkazilgan).
Oʻzbekistonda 1972-yil Figurali uchish maktabi (Toshkentda) tashkil qilindi. Unda 200 ga yaqin sportchi shugʻullandi. Figurali uchish boʻyicha olimpiya oʻrinbosarlarini tayyorlaydigan respublika maxsus bolalaroʻsmirlar sport maktabining tarbiyalanuvchilari Marina Nikityuk va Rashid Kodirkayevlar juft boʻlib uchishda oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempionatining kumush medaliga sazovor boʻldi (1980). Toshkentlik Alina Spirgiadu va Yuriy Razgulyayev sport raqslari boʻiicha oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempioni (1991), keyin kattalar oʻrtasida bir necha bor Osiyo chempionati va yirik xalqaro turnirlarning gʻolibi boʻldilar. Shuningdek, yakka holda uchishda Osiyo oʻyinlari, 4 qita (Osiyo, Afrika, Avstraliya va Amerika) chempioni, Gran pri musobakalarining finalchisi Tatyana Malinina va Roman Skornyakov, juft holda uchishda Natalya Ponomareva bilan Yevgeniy Sviridov Oʻzbekistonning mashhur figurali uchuvchilari hisoblanadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |