Fonologik oppozitsiya
Fonologik oppozitsiya ikki fonemaning bitta farqlanish belgisi asosida oʻzaro zidlanish hosil qilishidir. Masalan, „p“ (jarangsiz) va „b“ (jarangli) undoshlari jarangsiz-jarangli belgisi asosida bir oppozitsiyaga birlashadi: p-b kabi. Bu ikki fonemaning boshqa belgilari farqlanmaydi: p (lab-lab) – b (lab-lab), p (portlovchi) – b (portlovchi) kabi. Demak, undosh fonemalarga xos boʻlgan uchta fonologik belgilar – artikulatsiya oʻrni, artikulatsiya usuli va jarangsizlik-jaranglilik belgilaridan faqat bittasi (soʻnggisi) p-b oppozitsiyasiga asos boʻlgan. Shuning uchun u "birlik oppozitsiya" sanaladi (1, −21].
Konsonantizmdagi oppozitsiyalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Prof. A. Abduazizovning taʼkidlashicha hozirgi oʻzbek adabiy tili konsonantizmi tarkibida quyidagi birlik oppozitsiyalar bor:
1. Talaffuzda ishtirok etuvchi asosiy nutq aʼzosi va toʻsiqning hosil boʻlish oʻrniga koʻra:
a) labial-til oldi (dental, alveolyar) undoshlar oppozitsiyasi: (p-t) + (b-d) + (m-n) + (f-s) + (v-z) + (f-sh) + + (v-l) + (v-r);
b) labial-til oʻrta undoshlari oppozitsiyasi:(f-y) + (v-y);
d) labial-til orqa undoshlari oppozitsiyasi: (p-k) + (b-g) + (f-x) + + (v-gʻ);
e) labial- boʻgʻiz undoshlari oppozitsiyasi: (f-h) + (v-h);
f) til oldi-til orqa undoshlari oppozitsiyalari: (t-k) + (t-q) + (d-g) + (s-x) + (z-gʻ) + (n- ng);
g) til oldi- boʻgʻiz undoshlari oppozitsiyalari: (s-h) + (z-h) + (sh-h) + (j-h) + (ch-h) + (dj-h): Bunda ch-h va dj-h zidlanishlari „ikkilik oppozitsiya“ boʻladi, chunki ularda til oldi-boʻgʻiz undoshi belgisidan tashqari, ikkinchi differensial belgi ham bor: ch (qorishiq portlovchi) – h (sirgʻa- luvchi), dj (qorishiq portlovchi) – h (sirgʻaluvchi) kabi.
2. Artikulatsiya usuli va toʻsiqning qanday hosil boʻlishiga koʻra:
a) portlovchi-sirgʻaluvchi undoshlar opozitsiyasi: (p-1) + (b-v) + (t-s) + +(d-z) + (t-sh) + (d-j) + (k-x) + (g-gʻ) + (q-x) + (k-h)+(g-h);
b) portlovchi-affrikatalar oppozitsiyasi: (t-ch) + (d-dj);
d) sirgʻaluvchi-affrikatalar oppozitsiyasi (sh-ch) + (j-dj);
e) portlovchi-burun sonanti oppozitsiyasi: (b-m) + (d-n)+(g-n);
f) sirgʻaluvchi-sonantlar oppozitsiyasi: (z-l) + (j-l);
g) shovqinli sonant-burun sonanti oppozitsiyasi: (v-m) + (-n) + (r-n);
j) yon sonant-titroq sonant oppozitsiyasi: (l-r).
3. Jarangsiz-jaranglilik belgilariga koʻra:
(p-b) + (t-d) + (s-z) + (f-v) + (k-g) + (sh-j) + (ch-dj) + (x-gʻ).
Vokalizmdagi oppozitsiyalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hozirgi oʻzbek adabiy tili vokalizmi tarkibida quyidagi oppozitsiyalar bor:
1. Tilning uch darajali koʻtarilish belgisiga koʻra:
a) i (yuqori tor unli) − e (oʻrta keng unli) = i-e oppozitsiyasi;
b) e (oʻrta keng unli) – a (quyi keng unli) = e-a oppozitsiyasi;
d) i (yuqori tor unli) – a (quyi keng unli) = i-a oppozitsiyasi;
e) u (yuqori tor unli) – oʻ (oʻrta keng unli) = u-oʻ oppozitsiyasi;
f) oʻ (oʻrta keng unli) -o (quyi keng unli) = oʻ-o oppozitsiyasi;
g) u (yuqori tor unli) – o (quyi keng unli) = u-o oppozitsiyasi.
2. Lablanish-lablanmaslik belgisiga koʻra;
a) i (lablanmagan) – u (lablangan) = i-n oppozitsiyasi;
b) e (lablanmagan) – oʻ (lablangan) = e-oʻ oppozitsiyasi;
d) a (lablanmagan) – o (lablangan) = a-o oppozitsiyasi.
Eslatma: prof. A.Abduazizov va prof. A. Nurmonovning taʼkidlashicha, tilning yotiq (gorizontal) harakatiga asoslangan belgilar (unlilarning soʻz shakllari tarkibidagi pozitsiyasiga bogʻliq boʻlgan old va orqa qator koʻrinishlari) fonologik jihatdan ahamiyatsiz boʻlib, fonemaning asosiy belgilari qatoriga kirmaydi.
Oppozitsiya
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shuni alohida taʼkidlash kerakki, fonologik oppozitsiya turli til tovushlarini qarama-qarshi qoʻyishga asoslanmaydi, chunki u muayyan bir tilning struktural birligidir va shu tilning oʻzigagina xizmat qiladi. Qolaversa, fonologik oppozitsiyalar hozirgi (amaldagi) tilning strukturaviy birliklari sanaladi, ular tarixan oʻzgarib turishi ham mumkin. Masalan, qadimgi turkiy va eski turkiy tillarda unli fonemalar tilning yotiq (gorizontal harakatiga koʻra old qator va orqa qator zidlanishlariga ega boʻlgan: (i-i) +(ү-u) + (Ѳ-o) + (ə-a) kabi. Hozirgi oʻzbek adabiy tilida esa bunday zidlanish oʻzining fonologik xususiyatini yoʻqotgan fonemalar konvergensiyasi natijasida i-i unlilari bitta i ga, ү-u unlilari bitta u ga, Ѳ-o unlilari bitta oʻ ga, ə-a unlilari esa bitta a ga birlashgan.
Demak, fonologik oppozitsiyalar til taraqqiyotining muayyan bosqichiga nisbatan belgilanadi, ayni shu bosqichda bir fonema boshqa fonemaga bir xil pozitsiyada qarama-qarshi qoʻyiladi: hozirgi oʻzbek adabiy tilidagi „ i va u unlilari soʻz boshida (ich va uch) yoki bir xil fonetik qurshovda (bir va bur, qish va qush) bir-biriga qarama-qarshi qoʻyilgani kabi. Demak, “oppozitsiya" tushunchasi "fonema" va „pozitsiya“ tushunchalari bilan uzviy bogʻliqdir: fonemaning boʻlishi oppozitsiyaning boʻlishini, oppozitsiyaning boʻlishi esa pozitsiyaning boʻlishini taqozo qiladi". [1]
Eslatma: "pozitsiya" kategoriyasini birinchi boʻlib hamyurtimiz Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (780-850) kashf etgan. U oʻzining „Hind arifmetikasi haqida kitob“ („Hisob al-hind“) asarida oʻnlik sistemasi raqamlaridan (0, 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9) foydalanib, katta sonlarni yozish tizimini ishlab chiqqan. Bu tizimga koʻra raqam birinchi pozitsiyada birlikni, ikkinchi pozitsiyada oʻnlikni, uchinchi pozitsiyada yuzlikni (toʻrtinchi, beshinchi,… pozitsiyalarda yanada kattaroq sonlarni) ifodalaydi: 0 (nol), 1 (bir), 10 (oʻn), 100 (yuz); 2 (ikki), 20 (yigirma), 200 (ikki yuz) kabi. Keyinchalik „pozitsiya“ tushunchasi til tizimiga ham tatbiq etilgan va fonologik oppozitsiya tushunchasining yuzaga kelishiga sabab boʻlgan.
Fonologik oppozitsiyalar dialektikaning qarama-qarshiliklar birligi va kurashi, inkorni inkor qonunlariga tayangan holda shakllanadi, ularning strukturaviy birlik sifatidagi mohiyati ham shu qonunlarga asoslanadi.
Manba
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |