Foydalanuvchi:Abdullohaz/qumloq
Mushkulkushod, Bibi Mushkulkushod - o'zbek xalqi hayotida uzoq davrlardan buyon yashab keladigan odatlardan biri. Bu odat o'zbek xalqi orasida Bibi Seshanba, Bibi Fotima kabi nomlar bilan ham mashhur. Bibi Fotima Muhammad (s.a.v) ning qizlari nomi bilan bog'liqligiga ishonilsa ham "Bibi Mushkulkushod" degan nomli qissa shariatimizda yo‘q narsa, mumkin emas narsa. Mushkulni kushod qiluvchi ya’niki, bandaning boshiga tushgan og‘irlikni yengil qiluvchi, mushkul ishlarni kushoyish aylovchi zot Alloh taoloning o‘zi. Bibi Mushkulkushod degan bir shaxs odamlarning mushkulini kushod qiladigan, og‘irini yengil qiladigan, qayg‘usini ketkazadigan, boshiga tushgan musibatni yo‘q qiladigan bo‘lishi mumkin emas[1], Bibi Mushkulkushod va Bibi Seshanbalar esa musulmon xotin-qizlar tasavvurida kishilarning mushkulini oson qiladigan avliyo xotinlar sanalgan. Qadimdan otinoyilar, "ko'zi ochiq" ayollar mushkulkushod marosimini o'tkazganlar. Boshiga mushkul tushgan ayol (oilada biror falokat, bemorlik bo'lsa) mahallaning otinoyisiga ikkita issiq non, ikki hovuch qora mayiz, ikkita pilta (paxta) chiroq, bir tanga keltirib shu oila himoyasiga Bibi Mushkulkushoddan madad so'rab tilovat o'qittirilgan. Bu marosim har chorshanba kuni o'tkazilgan. Chunki afsonaga ko'ra, Hazrat Bahouddin Naqshbandning xolalari o'rog'ini yo'qotgan o'tinchiga yordam berib har chorshanba kunlari bu ilohiy ayolni eslab, is-chiroq qilishi lozimligini tayinlagan. Shundan buyon Bibi Mushkulkushod ruhiga bag'ishlangan marosim faqat Chorshanba kunlari o'tkazilib kelingan[2].
Bibi Seshanba esa oila baxtining himoyachisi sanalgan. Bibi Seshanba marosimi ham ayollarning diniy urf-odati bo'lib, seshanba kunlari o'tkazilgan. Qur'onning ma'lum suralari yodlanib, amr-u ma'ruf, diniy qonun qoidalar, hadislar o'qilgan eslatilgan. Bibi Seshanba odatida Mushkulkushodga nisbatan ko'pchilikni tashkil etgan. Bibi Seshanbalarda payg'ambar alayhissalomning qizlari Bibi Fotima hayotidan turli rivoyat-u hikoyatlar, ibratli voqea-hodisalar hikoya qilib berilgan. Shunday rivoyatlarning birida aytilishicha, Bibi Fotima shunchalik mehribon, saxovatli va ko'ngilchan bo'lgan ekanlarki, hatto supra yoyib, non qilishga o'tirganlarida to xamir qorib non yopgunlaricha suprani turli qushlar, kabutarlar o'rab olib, unni cho'qishib, iste'mol qilisharkan. Bibi Fotima ularning bu yoqimli mashg'ulotiga xalaqit bermas ekanlar. Bir gal tag'in shu mashg'ulot bilan ovora bo'lganlarida otalari Muhammad alayhissalom shoshiltirib ummatlari uchun tezroq non yopishlarini talab qilib qolibdilar. Bibi Fotima qush-u kabutarlarni supra ustidan nechog'lik haydamasinlar, ular nari siljishmasmish. Shunda Bibi Fotima qo'llaridagi xamir chakichi bilan bir qushning ko'kragiga sekin turtibdilar. Bu Bibi Fotimaning sevimli parrandalari - beozor musicha bo'lib, shundan bu qushning ko'kragida chakich o'rni bir to'p xol bo'lib qolgan ekan... Shu sababdan bo'lsa kerak, ba'zi joylarda musichani Bibi Fotima deb ham atashadi. Bibi Mushkulkushod, Bibi Seshanba odatlari ayollar diniy marosimi sifatida xayr-sadaqa, xudoyi odatlariga yaqin bo'lib, islom dini aqidalaridan biri sifatida yashab kelayotir[2].
- ↑ https://islom.uz/view/mushkul-kushod
- ↑ 2,0 2,1 Mahmud, Sattor. O'zbek udumlari. Toshkent: "Adolat", 2004 — 177-178-bet.