Foydalanuvchi:Azimovam
Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy ma’naviy” asarlari haqida
Jaloliddin Rumiy tasavvuf taraqqiyoti, ilm-u hikmat, falsafa, she’riyat hamda ma’naviyatni o’zida oliy ko’rinishda namoyon etgan shaxs.
Biz bu haftada Jaloliddin Rumiyning bir necha ming baytdan iborat “Masnaviy ma’naviy” asarlari bilan tanishib chiqdik.
Jaloliddin Rumiy o‘zining barcha fikr-u xulosalarida islom falsafasi, Qur’on g‘oyalariga tayanadilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan ko‘plab misollar keltiradilar.
Ayrim ahli ilmlar Jaloliddin Rumiyning “Ma’naviy Masnaviy” asarini inson tafakkurini o’stirib, ilohiy mohiyatni anglash sari olib boradigan Ishqning tafsiri deb ham atashadi. Ushbu asar quyidagi satrlar bilan boshlanadi :
Tinglagil, nay ne hikoyat aylagay, Ayriliqlardan shikoyat aylagay…
Kitoblarda yozilishicha, adabiy tahlilda nay - aslidan ajralgan ruh timsoli, oshiq qalb ramzi hisoblanar ekan. U asliga qarab tinimsiz ravishda intiladi, nola-iztiroblar bilan o‘zligini va o‘z Robbini anglab boradi. Aynan shu ma’noni Rumiy Hazratlari Qur’ondan oyatlar, hadislar va masallar keltirib tushuntirib beradilar. Ushbu asarda insonlarda xudbinlik oqibatidan kelib chiqqan illatlar qoralanadi va ulardan poklanish fazilatlari bayon qilinadi. Rumiyning ta’kidlashicha, insonlar dini, irqi va millatidan qat’iy nazar inson bo’lganliklari uchun qadrli, tasavvufda eng muhimi inson qalbidir.
Ushbu asardagi “Nafs yirtqich arslon kabidir” hikoyasi ko’proq fikrlashga undadi. Haqiqatdan ham nafs shunday bir kuchki, u bilan kurashish katta iroda va sabrni talab qiladi. Asar ichida berilgan hikoyatda arslon shu darajada o’ziga ishonganidan, nafsi ustunlik qilganidan, quduqdagi o’z aksini dushman deb bilib, o’zi halok bo’ldi. Bu yerda hayvonlar orqali hayotdagi insonlarni tushuntirilmoqda. Inson nafsining istaklarini qomdiraman deb o’zini ich-ichidan kemirib tamom qiladi, nafsni esa uning istaklarini bajo keltirib hech qachon rozi qilib bo’lmaydi. Dunyodagi eng baxtli inson o’z nafsiga USTOZ, vijdoniga esa SHOGIRD bo’lishga erishgan inson deb hisoblayman.
Jaloliddin Rumiyning “Ma’naviy masnaviy” asarlarini to’liq mag’zini chaqishga erishsak, ya’ni har bir hikoyatlarini tahlil qilib o’rgansak, ma’naviyatimizni oziqlantirish va boyitish uchun beminnat xazinaga erishgan bo’lamiz.
Qo’shimcha ma’lumot: “Masnaviy”da bir necha yuz hikoyat va rivoyatlar keltirilgan. Qur’oni karimning yuzlab oyati tilga olinib, tafsir etilgan. 690 hadisga rumiyona sharh berilgan.