Kontent qismiga oʻtish

Foydalanuvchi:ELBEK2622/TILLATEPA

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

TILLATEPA[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tillatepa — Shimoliy Afgʻonistondagi Shibirgʻon shahridan dan 5 km shimolida joylashgan manzilgoh (mil.av. 10—9-asrlar) va qabriston (mil. av. 1-asr). V.I.Sarianidi rahbarligidagi arxeologik ekspeditsiya tomonidan 20-asrning 70-yillarida topilgan va tadqiq etilgan.

Tillatep aylana tarhli (diametri 100 m), bal. 4 m boʻlib, arxeologik qazishmalar natijasida undan mil. av. 9—7-asrlarga oid ulkan bino; qizil, qora boʻyoqlar bilan oʻziga xos naqsh solingan sopol idishlar, tosh yorgʻuchoq (yormatosh)lar va ularning dastalar hamda 6 ta qabr topilgan. Shundan 5 tasi ayollar qabri (mil. av. 1-asr — mil. 1-asrga oid) boʻlib, qabrlardan, asosan, oltindan ishlangan 20 mingta buyum chiqqan. Marxumlar yogʻoch tobutga yotqizilib, tobut ustiga tilla va kumush bezaklar bilan qadama qilib ishlangan yopinchiq yopib qoʻyilgan. Marxumlarga yuzlab mayda tilla qadama bezaklar, taqinchoqlar qadab bezatilgan qimmatbaho zardoʻzi liboslar kiydirilgan. Topilmalar ichida 2 shoxli ajdarhoning oyogʻidan ushlab turgan maʼbuda tasviri tushirilgan taqinchoq (shokila), otga hujum qilayotgan boʻrilar aks ettirilgan qoplama, qanotli maʼbuda haykalchasi, sher ustida oʻtirgan maʼbuda tasviri bor, feruza toshlar bilan bezatilgan tilla toʻqa, delfinda savlat toʻkib oʻtirgan "amurlar" tasvirlangan tugmalar, Ares (yunonlarning urush xudosi) surati aks etgan taqinchoq, uzuklar va bilaguzuklar, har xil qaykalchalar, idishlar, xanjarlar, Parfiya va Rim podshoxlari (Mitridat II, Fraat IV, Rim imperatori Tiberiy aureusi)ning mil. av. 16—21 yilllar davomida Lugdunumda zarb qilingan tangalar diqqatga sazovordir. Buyumlar tarkibining taxlili ellinizm dunyosining kuchli taʼsiri sakparfiya va hindparfiya, shuningdek, Baqtriya, madaniyati elementlari uyg'unlashib ketganligini koʻrsatadi.