Kontent qismiga oʻtish

Foydalanuvchi:Hamdamova Zamirajon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

FARG’ONA (1907 yilgacha — yangi Marg’ilon; 1907 — 1924 yillarda Skobelev, mahalliy talaffuzda — Iskobil deb atalgan. Podsho Rossiyasining O’rta Osiyoni bosib olishda va keyingi yillarda ko’plab qirg’inbarotlar uyushtirgan generali M.D. Skobelev nomiga qo’yilgan) — Farg’ona viloyatining ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi, respublikaning yirik shaharlaridan biri. Maydoni 0,09 ming kilometr kvadrat. Aholisi 222,4 ming kishi (2004, Farg’ona vodiysidagi shaharlar ichida aholi soni bo’yicha 3-o’rinda). Shahar Farg’ona vodiysining Janubiy qismida, olay tog’larining etagida, 580 metr balandlikda joylashgan. Iqlimi kontinental. O’rtacha yillik temperatura 13°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -2,7°, iyulniki 26,4°. Eng past temperatura 27°, eng yuqori temperatura 42°. Yiliga 192 millimetr yog’in tushadi. Yog’inning ko’p qismi qish va bahor fasllarida yog’adi. G’arbdan ba’zan qattiq shamol va garmsel, olay tog’i (Shohimardonsoy vodiysi)dan tog’vodiy shamoli esadi. Farg’ona so’zining kelib chiqishi to’g’risida turli fikrlar mavjud. Olimlar «Farg’ona” so’zining bundan 13 asr ilgari Sug’d yozuvlarida «Parg’ana», «Prag’ana» shakllarida yozilganligini hamda hind-sanskrit tilida «kichik viloyat»; fors tillarida «tog’ oralig’idagi vodiy», «atrofi berk soylik» degan ma’nolarga ega bo’lganligini ta’kidlaydilar. 1876 yil Rossiya imperiyasi Qo’qon xonligini yo’qotib uning hududida Farg’ona viloyatini tuzgach, ma’muriy markaz qurish uchun Marg’ilondan 10 kilometr Janubda joylashgan Yormozor va sobiq sim, Chiringan qishloqlari o’rnini tanladi. Shahar qurilishi loyiha bo’yicha 1877 yil iyunda boshlandi. Qurilish harajatlari, asosan, mehnatkashlar zimmasiga Yuklandi (soliq solindi). Bu shaharni katta maydonni qurshab olgan qal’a ichida qurish ko’zda tutildi. Qal’adan shimoliy G’arb va g’arbga tomon radius shaklida uchta uzun ko’cha qurildi. Ulardan biri eski Marg’ilon tomonga yo’naldi. Bu ko’chalar parallel tor ko’chalar bilan tutashtirildi. General-gubernator shaharni yangi Marg’ilon deb atashni buyurdi. Shaharning qurilishi 1904 yilda yakunlandi. Yangi Marg’ilon, asosan, Marg’ilonsoyning chap sohilida joylashdi. O’ng sohili bozor uchun mo’ljallandi. Shaharning Janub qismida kazarmalar qurildi, g’arbiy qismida harbiy boshqarma joylashtirildi. 1880 yilda bu boshqarma yozgi harbiy lagerga o’zgartirildi. Shahar ko’chalarining har ikki tomoniga daraxt ekildi. Shaharda sanoat korxonalari qurilmadi. 1898 yil Samarqand—Andijon temir yo’l o’tkazilishiga qaramasdan, shaharning kengayishi va rivojlanishi sekinlik bilan bordi. 1891 yilda shaharda 2 ta pivo pishirish va bitta ko’nchilik zavodi faoliyat ko’rsatdi. Mahalliy yarim kustar korxonalar mahalliy xom ashyoni qayta ishlash bilan shug’ullanardi. Paxta tozalash zavodi faqatgina temir yo’l o’tkazilgandan keyin qurildi. 1899 yilda yangi Marg’ilon shahar aholisi atigi 4 ming kishini tashkil etdi. 1907 yilda mustamlakachi ma’murlar shahar nomini o’zgartirib, Skobelev deb atadilar. O’sha yili temir yo’l vokzalini ham qurish boshlandi. 1914 yilda yana 4 ta paxta tozalash zavodi va 8 ta pilla quritish moslamasi foydalanishga topshirildi. Shaharchada, asosan, podsho ma’muriyati va amaldorlari, harbiylar, savdogar va mahalliy boylar yashardi. 1913 yilda shahar aholisi 14 ming kishiga yetdi. Shundan o’zbeklar atigi 3216 kishini tashkil etdi. Shahar tunda 80 ta yoritqich (fonus) bilan yoritilardi. Do’konlar aholiga xizmat ko’rsatgan. 1917 yilgacha shahardagi 3 ta gimnaziyada 600 o’quvchi, 5 ta maktabda esa 821 o’quvchi o’qidi. Ularga 20 o’qituvchi saboq berdi. Shaharda birgina kasalxona (35 o’rin) va bir dorixona mavjud edi. 1917 yil 6-7 dekabrda Skobelevda hokimiyatni sho’rolar egalladi. 1921 yilda O’rta Osiyo ipakchilik sanoatining dastlabki korxonasi — pillakashlik fabrikasi foydala nishga topshirildi. 1917 yilgacha shaharda, quvvati 700 kVt bo’lgan xususiy (Lipinskiyga qarashli) elektr stansiyasi bo’lgan. O’sha yildan keyin Farg’ona vodiysida yagona bo’lgan issiqlik elektr markazi ishga tushirildi. Quvasoy issiqlik elektr stansiyasi faoliyat ko’rsata boshlagandan keyin ular yagona energiya sistemasiga birlashtirildi. Shundan keyin to’qimachilik fabtikasi, yog’ zavodi ishlay boshladi. Paxta tozalash zavodlari, tegirmonlar, kustar korxonalar qayta qurilib kengaytirildi va elektr energiya quvvati bilan ishlay boshladi. 2-jahon urushidan keyingi yillarda ishga tushirilgan Xo’jaobod— Farg’ona, Shim. So’x— Farg’ona — Quvasoy gaz quvurlari Farg’onani Buxoro yaqinidan boshlangan yagona gaz quvuri sistemasi bilan bog’ladi. Undan keyin gidroliz zavodi, 1958 yilda neftni qayta ishlash zavodi ishga tushirildi. 1960-yillarda Farg’onada temirbeton buyumlari, shifer-g’isht zavodlari, 2 issiqlik elektr markazi qurildi. Shaharda 2300 dan ortiq kichik korxona, 10 avtokorxona, mahalliy xom ashyodan kimyoviy tola (atsetat ipagi) ishlab chiqaradigan, azot, sovun, gaz apparatlari, neftni qayta ishlash, mexanika, paxta tozalash, konserva zavodlari; uysozlik, moy, sut kombinatlari, trikotaj, pillakashlik, poyabzal fabrikalari, «Farg’onapivo», don mahsulotlari korxonalari ishlab turibdi. 24 qo’shma korxona («KabulFarg’ona», «O’zsalaman», «Ferteks», «Evraziya Tapo disk», «ferkon» va boshqalar) faoliyat ko’rsatadi. Sanoat korxonalari, asosan, shahar markazida hamda Qirguli mavzeida joylashgan. Farg’ona Respublikaning yirik ilm va madaniyat markazlaridan biridir. Farg’onadan 52 kilometr Janubda Shohimardon kurorti, shahardan 32 kilometr narida, Oltiariq tumanidagi xushmanzara joyda 2 yirik shifoxona joylashgan. 2 madaniyat saroyi, 28 kutubxona, viloyat o’lkashunoslik muzeyi, 4 madaniyat uyi, musiqali drama teatri, rus drama teatri, qo’g’irchoq teatri, yoshlar xiyoboni, madaniyat va istirohat bog’i, Toshkent 2-tibbiyot instituti filiali, universitet, politexnika instituti, 3 ta bolalar musiqa maktabi, san’at maktabi, 41 umumiy ta’lim, 4 kattalar ta’limi maktablari, 3 akad. litsey, 18 kasb-hunar kolleji faoliyat ko’rsatadi. 3 stadion, sport majmuasi, kasalxona, poliklinika, dorixonalar mavjud. Farg’onadan tuman markazlari, shahar va shaharchalariga avtobus qatnaydi. Havo transporti orqali Toshkent shahar, viloyat markazlari va xorijiy davlatlar bilan bog’langan. Shaharda 2 viloyat gazeta, shahar gazeta («Farg’ona tongi», 1955 yil 29 dekabrda tashkil etilgan, adadi 3000), 22 tarmoq gazeta, 15 xususiy gazeta va 6 jurnal nashr etiladi. 3 ta telestudiya faoliyat ko’rsatadi. Ad.: Tuxtasinov I., Fergana, T., 1969;Bobobekov X., Qo’qon tarixi, 1996; Kolbintsev A., Farg’ona vodiysi bo’ylab, 1979; Isxakov F., Proshloe glazami istorika, 1994.

Hamdamova Zamirajon siz uchun tayyorladi