Foydalanuvchi:Javlonbek Nurakov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yashil iqtisodiyot haqida bir chimdim

Yashil iqtisodiyot bu ekologiyani saqlab qolish va ayni shu paytda iqtisodiyotning barcha sohalarini rivojlantirishdir. Sodda qilib aytganda, iqtisodiyotni "toza" yoʻl bilan davom ettirish va sanoatni atrof-muhitga zarar yetkazmagan holatda olib borish. Yashil iqtisodiyotning asosiy roli bu ekologiya va iqtisodiyot sohalaridagi ishlarni parallel holatda bajarish hisoblanadi. Xalqimizning: – Six ham kuymasin, kabob ham,-degan bir gapi bor. Ushbu naql bejizga aytilmagan. Inson nimadir qilayotganda "tanganing ikkinchi tomoni ham bor"ligini unutmasligi kerak. Shunda uning ishlari doimo "besh" boʻladi.

Xuddi shu kabi davlatlar ham bor eʼtiborini faqatgina oʻzining iqtisodiyotini koʻtarishga qaratayotgan paytda, atrof-muhit haqida ham atroflicha oʻylashi kerak.

Yashil iqtisodiyot iqtisodiy tizim boʻlib, ushbu tizimning asosiy vazifasi va maqsadi insonlar uchun kerak boʻladigan, odamlarning ehtiyojlarini qondiradigan manbalar ishlab chiqarishni, ona tabiatga zarar yetkazmasdan yoʻlga qoʻyishdan iboratdir. Chunki bizni oʻz bagʻrida koʻtarib yurgan, quchogʻida ulgʻaytirgan onamiz – Yerimizni koʻz-qorachigʻimizdek asrashimiz, sayyorimizni ajdodlarimiz bizga qanday omonat qoldirgan boʻlsa, biz ham kelajak avlodga shu holatda yetkazishimiz shart.

Shuning uchun, dunyoning koʻplab mamlakatlarida, xususan yurtimizda ham bu tizim qonun doirasida himoya qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PQ-4477-son qarori bilan 2019–2030-yillarda O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi tasdiqlangan. O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish bo‘yicha vakolatli organ sifatida esa Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi belgilangan.

Shuni ham qoʻshimcha qilish kerakki, 2021-yil 30-mayda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasida o‘tkazilgan “Yashil o‘sish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” (P4G) ikkinchi xalqaro sammitida "yashil iqtisodiyot"ga asoslangan "yashil taraqqiyot haqida: “Bugungi kunda ona tabiatning o‘zi bizga yo‘llayotgan ogohlik qo‘ng‘irog‘iga beparvo bo‘lmasligimiz kerak. Afsuski, iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib bormoqda. Biz yashayotgan Markaziy Osiyoda so‘nggi 30 yilda o‘rtacha yillik harorat taxminan bir darajaga ko‘tarildi. Mintaqamizdagi asosiy daryolarning havzasi va biologik xilma-xillikning qisqarib borayotgani jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bug‘lanish darajasini oshiradigan gazlar va atmosferaning keng miqyosda ifloslanishi muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Bugungi kunda “yashil taraqqiyot” borasidagi maqsadlarga erishish uchun mamlakatlarning harakatlari yanada faol va samarali bo‘lishi kerakligiga hech kim shubha qilmayapti. Boshqa choramiz ham yo‘q”,- shunday degan edi.

Xulosa qilib aytganda, hozirga tezkor zamonda ekologiyaga eʼtibor qilish bu davr talabi, har bir kun tartibida boʻlishi kerak boʻlgan masala hisoblanadi. "Yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish bizga atrof-muhitni muhofaza qilishga yordam beradi.

Javlonbek Nurakov