Foydalanuvchi:Maftuna1218

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

sangardak sanatoriyasi

Dengiz sathidan 2000 metr balandlikda – tog‘lar orasidagi Sangardak qishlog‘ida barpo etilgan, dam olib, salomatligini mustahkamlash uchun tashrif buyurgan davolanuvchilarga barcha zarur shart-sharoit va qulayliklar yaratilgan zamonaviy “Sangardak” sanatoriysi joylashgan hududi, iqlimi, tabiatining shifobaxsh xususiyatiga ko‘ra yuqori nafas yo‘llari, allergiya, astma, asab, yurak qon-tomir, urologik, ginekologik, harakat-tayanch tizimi kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan.

Umumiy maydoni 3,16 gektar bo‘lgan sanatoriyga 4 kilometr olisdagi tog‘lar orasidan maxsus quvurlar orqali toza ichimlik suvi tortib kelindi. Sihatgoh O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tashxislash va davolash, salomatlikni tiklash va turli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiluvchi eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, shuningdek, eng zamonaviy, yuqori sifatli qattiq va yumshoq mebellar bilan jihozlandi. Dam oluvchilar uchun bu yerda fizioterapiya va suv bilan davolash bo‘limlari, shifobaxsh tuz g‘ori, laboratoriya, jismoniy tarbiya, balchiq va parafin bilan davolash, gadroaeroionizasiya xonalari, yopiq suzish havzasi, turk hammomi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, kutubxona, madaniyat saroyi, tennis xonalari, mazali va darmondorilarga boy taomlar tayyorlanadigan oshxona, bolalar o‘yingohlari dam oluvchilarga xizmat ko‘rsatadi.

7 qavatli “Sangardak” sanatoriysining 1-qavati qabul va boshqaruv bo‘limi, 2-qavatdan 6-qavatgacha barcha qulayliklarni o‘z ichiga olgan standart yotoqxonalar, 7-qavatda esa barcha qulayliklarga ega bo‘lgan lyuks-appartament xonalari joylashgan. Yangi sanatoriy hududida katta ko‘lamdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, bog‘ va gulzorlar barpo etildi.

“Sangardak” sanatoriysi joylashgan hudud juda bahavo va salqinligi bilan ajralib turadi. Sanatoriyning 4 tarafidan Hisor tog‘ tizmalari, sharqirab oqayotgan soylar ko‘rinib turadi. Bu kabi bebaho tabiat ne'matlari dam oluvchilarga xush kayfiyat bag‘ishlab, salomatliklarini mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi.

Mazkur sihatgohda yaratilgan shart-sharoitlar yiliga 6400 nafar fuqaroning salomatligini tiklash va sog‘lomlashtirish imkonini beradi. Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni ta'minlash maqsadida “Sangardak” sanatoriysida ishlovchi malakali tibbiyot xodimlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining yetakchi sanatoriylarida amaliyot o‘tab, muhim tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.