Kontent qismiga oʻtish

Foydalanuvchi:Mokhira93

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

XVII asr Yevropa san'ati[tahrir | manbasini tahrirlash]

XVII asr Yevropa sanʼati shakllanishi va rivojlanishi. XVII asr Yevropa sanʼati avvalgi davr sanʼati anʼanalari, yaʼni Uygʻonish davri anʼanalari zamirida kamol topdi. Bunda ham inson, uning jismi, his-tuygʻu, xayol-oʻylari, orzu-istaklari ifodasi asosiy mavzu boʻldi. Ijodkorlar bu davrda inson qiyofasini yanada haqqoniy koʻrsatishga, uning ruhiy holatidagi murakkabliklarni va uning yangi qirralarini yoritishga intildilar. Jonli naturadan foydalangan holda inson hayoti, uning turmush tarzini toʻlaqonli talqin etish shu davr asarlari uchun muhim yoʻnalish boʻlib qoldi. Hayot murakkabligi, uning ichki ziddiyat va kurashlari rassom, haykaltarosh va meʼmorlar nazaridan chetda qolmadi. Ozodlik, tenglik gʻoyalari kuylandi, shakllanib kelayotgan burjuaziyaning kirdikorlari tanqid ostiga olindi. Sanʼat sintezi masalasi bu davrga kelib yangicha talqin etila boshlandi. Tabiat relyefi shu davrda yaratilgan meʼmorlik majmualarida hisobga olindi.

Meʼmorlik binolari koʻcha, maydon va tabiat hamda landshaft koʻrinishi bilan yanada uygʻunlashdi. Suv kaskadlari va favvoralarga qiziqish ortdi. Tasviriy sanʼatning turi va janrlari orasidagi nisbatlar ham oʻzgardi. Uning yangi tur va janrlari yuzaga keldi. Mavjud anʼanaviy sujetlar bilan birga, hayotiy voqealarga bagʻishlangan asarlar ham keng miqyosda badiiy hayotga kira boshladi. Maishiy, manzara va natyurmort janrlari mustaqil sanʼat turlariga aylandi. Insonning ichki dunyosiga qiziqishning ortishi portret sanʼatini rivojlantirdi. Grafika mavqeini mustahkamlab siyosiy hayotdagi oʻrni ortib bordi. Haykaltaroshlik imkoniyatlari yanada kengayib u meʼmorlik ansambllariga keng koʻlamda kirib keldi, bogʻ – xiyobon sanʼatiga eʼtibor ortdi. Dekorativ rangtasvir interyerlarning komponenti sifatida davr ruhini aks ettiruvchi muhim vositaga aylandi. Bu davrga kelib, ijodiy metod, sanʼatning badiiy tili ham boyidi, rang-baranglik kasb etdi. Yaratilgan kompozitsiyalarning hayotiy va tabiiy koʻrinishiga erishish uning emotsional jihatini oshirishda muhim omil boʻldi.

Rassomlar ijodida rang, nur-soya, faktura masalalari muhim oʻrinni egalladi Madaniyatda qator gʻoyaviy-badiiy yoʻnalishlarning paydo boʻlishi, avvalo, ayni shu hodisa bilan bogʻliqdir.[1]

  1. O.Abdullayev. UMUMSANʼAT TARIXI. OʻQUV QOʻLLANMA