Kontent qismiga oʻtish

Foydalanuvchi:Sardorbek01/qumloq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sharq qadimiy madaniyat o‘chog‘i va jahon sivilizatsiyasining beshigi deya bejiz ta’riflanmagan. Farb madaniyati tarixini o‘rganish jarayonida Ovrupotsentrizm nazariyasiga og‘ib ketish g‘ayriilmiy bo‘lgani kabi, masalaning Sharq bilan bog‘liq jihatini tahlil etganda ham Osiyosentrizm g‘oyalari ta’siriga tushmaslik lozim. Shu bilan birga, Sharqning o‘ziga xosligi, unga mansub bo‘lgan madaniy taraqqiyot jahon sivilizatsiyasining beshigi, dunyo xalqlari rivojiga qo‘shilgan munosib hissa ekani ham sir emas. Bu hol jahonning barcha xolis mutaxassis olimlari tomonidan e’tirof etiladi. Qolaversa, Vatanimiz sivilizatsiyasining Sharq sivilizatsiyasi quchog‘ida voyaga yetgani va uning qadriyatlarini o‘zida aks ettirganini, unga va butun dunyo madaniyatiga ulkan ta’sir ko‘rsatganini doimo esda tutish darkor. Qadimgi Misr va Bobil falsafasi. Eramizdan avvalgi to‘rtinchi ming yillikning oxiri va uchinchi ming yillik boshlarida qadimgi Misr va Bobil hududida dastlabki diniy-falsafiy fikrlar, olam haqidagi fanlar, ya’ni astronomiya, kosmologiya, matematika, mifologiyaga oid qarashlar birmuncha rivoj topgan. Tabiiy-ilmiy, diniy-falsafiy fikrlarning yuzaga kelishi ikki yo‘nalishda borgan. Birinchi yo‘nalish olam haqidagi tasavvurlarning astronomiya, kosmologiya, riyoziyot fanlari rivoji bilan bog‘liq ekanini, ikkinchi yo‘nalish esa, bu tasavvurlarning mifologiya bilan bog‘liq bo‘lganini ko‘rsatadi. Birinchi holda, asosan, tabiiy bilimlarga tayanilgan, kundalik hayotda duch kelinadigan voqea-hodisalar aniq dalillar asosida tahlil etilgan, o‘rganilgan, ulardan tegishli xulosalar chiqarilgan. Bu - o‘sha davr uchun tabiiy hol edi, ya’ni u - davrning inson ongida aks etishi, kundalik turmush hodisalarining oddiy bir tarzda ifodalanishi edi. Aynan ana shu hol tabiiy bilimlar rivojiga, garchand sodda tarzda bo‘lsa-da, aksariyat hodisalarning falsafiy asosda izohlanishiga sabab bo‘lgan.