Foydalanuvchi:ShaxzodxojaAbdurazzaqov
FARGʻONA VODIYSIDA CHORIZM MUSTAMLAKACHILIK ZULMINING KUCHAYISHI
Abdurazzaqov Shaxzodxoʻja Shokirxoʻja oʻgʻli
Turkiston oʻlkasida amalga oshirilgan xalq noroziliklarining xarakterli jihati - ularda, asosan, xalq farovonligini oʻylagan, adolat oʻrnatilishidan manfaatdor boʻlgan erkaklar boshchilik qilgan. Qoʻzgʻalonlarning aksariyati magʻlubiyat bilan, ishtirokchilarning shafqatsiz jazolanishi bilan yakunlangan. Bu xususuda tarixiy dalillarga toʻxtalib oʻtamiz:
– 1875-yilning bahorida Qoʻqon xonligida „Poʻlatxon“ nomi bilan Mullo Is’hoq Mulla Hasan oʻgʻli boshchiligidagi keng avj olgan qoʻzgʻlaon 1876-yilning fevralida isyon boshliqlari hamda ishtirokchilarining qatl etilishi bilan tugallandi;
−1878-yilning kuzida Mingtepa (hozirgi Andijon viloyati Marhamat tumani)da Yetimxon boshchiligidagi qoʻzgʻalon mustamlakachi hukumat tomonidan kuch bilan bostirildi;
– 1880-yilda Xoʻjand uyezdida Rahmonqulixoji va Mirkarimboylar boshchiligidagi qoʻshimcha yer soligʻI yigʻilishi haqidagi buyruqqa qarshi koʻtarilgan isyon ishtirokchilarning hibsga olinishi bilan nihoyasiga yetdi;
−1882-yilda yilda Namangan aholisining talonchilik va soliqlarga qarshi koʻtargan qoʻzgʻalon harbiy boʻlinmalar yordamida shafqatsizlik bilan bostirildi;
– 1885-yilda Fargʻona vodiysida Darvishxon va Buxoro amirligi Baljuvon bekliligida Vose boshchiligida boshlangan dehqonlar qoʻzgʻaloni ham ishtirokchilar va yoʻlboshchilar qatl etilishi bilan yakunlandi;
– 1892-yilining yozida Toshkentda „Vabo isyoni“ (yoxud „Toshotar voqeasi“) nomi bilan tarixga kirgan isyon shor maʼmurlari tomonidan qattiq va ayovsiz ravishda bostirildi;
– 1898-yilning bahorida Andijondagi Dukchi eshon qoʻzgʻalonining taqdiri ham shunday tugallandi.
Chor Rossiyasining xalqqa qarshi mustamlakachilik, zoʻrlik va adolatsiz siyosati Muhammadali xalfaning xalq kurashiga rahbarlik qilishining bosh sababidir. Qoʻzgʻolon boshlanishidan bir yil oldin eshon turk sultoniga maktub yozadi. Maktubda eshon ruslar Qoʻqon xonligini bosib olganlaridan keyin musulmonlar oʻrtasida ahloqan buzilish kuchayganligini, shariat qoidalaridan chekinish roʻy berib, buzuqlik, ichkilikbozlik, nashahoʻrlik avjiga chiqa boshlaganligini yozgan. Bundan tashqari eshon ruslar kambagʻallar uchun zakot yigʻishni, xajga borishga taʼqiqlaganliklarini, eski vaqflarni man qilib, yangilarni joriy etmayotganliklarini taʼkidlar ekan, turk sultonidan xalqning shariat qonun-qoidalari boʻyicha turmush kechirishi uchun sharoit yaratishni oq podshodan talab qilishni soʻraydi. „Rus hukumatining shariatni nazar-pisand qilmaganligini Ollohning qahrini keltirmasmikin, deb qoʻrqaman“, deydi eshon ushbu maktubi soʻnggida.
Mingtepalik eshonning tobora ortib borayotgan obroʻ-eʼtibori mustamlakachilarning xavotirini oshirdi. Bunga ularning asosi bor edi. 1895 yilda eshon xuzuriga qurbonjon dodho tashrif buyurgani va ub lian mustamlakachilarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarish masalasini muhokama qilgani mustamlakachilarni talvasaga soldi. Qolaversa norozilik qurbonjon dodho qoʻli ostidagi qirgʻizlarda ham kuchli ekani maʼlum edi. Ketmontepa, Koʻgart taraflardagi qirgʻizlar 1896 yilda eshon xuzuriga rus mujiklaridan shikoyat qilib vakillar ham yuborishadi. 1896-1897 yillarda Rossiyaning ichki guberniyalaridan koʻchirib keltirilgan va hosildor yerlarni egallab olgan rus mujiklari bilan qirgʻizlar oʻrtasida toʻqnashuvlar kuchayadi. Qirgʻizlar koʻchib keltirilganlarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarishga qaror qilishib, Muhammadali eshondan maslahat soʻrashadi. Muhammadali zudlik bilan chorvador boy Chibil boʻlis hamrohligida qirgʻizlar maskaniga yetib keladi va bu yerda boʻlajak qoʻzgʻolonning rejasi muhokama qilinadi. Muhammadali qoʻzgʻolon rahnamosi boʻlishiga kelishiladi.
Muhammadali eshon qoʻzgʻolonga puxta tayyorgarlik koʻrish uchun murojaatnoma yozib, uni turli joylardagi oʻz vakillariga joʻnatadi. Murojaatnomada rus bosqinchilariga qarshi qoʻzgʻolonga tayyorgarlik koʻrilayotgani, xabar yetib kelgani zamon joylardagi vakillar mahalliy kishilarni ergashtirib tegishli joyga yetib kelishlari lozimligi bayon qilingan edi. Mazkur qasamyodga mahalliy amaldorlar va obroʻ-eʼtiborli kishilardan oʻn ikki kishi muhrini bosgan.
1898 yil 14 may kuni kechqurun Muhammadali eshon uyida kengash boʻlib, unda Fargʻona viloyatining turli yerlaridan kelgan kishilar qatnashadi. Kengash eshon maʼlum qilgan rejaga binoan vodiydagi uch shahar-Andijon, Margʻilon va Oʻshdagi harbiy lagerga bir kunda hujum qilinishi kerak edi. Bu hujum muvaffaqiyatli tugasa, Qoʻqonni ham olib, vodiyda xonlik tuzumi tiklanardi. Soʻngra mustamlakachilar Samarqand, Toshkent va Chimkentdan ham haydab chiqarilardi.
16 may kuni kechqurun yana eshon xonadonida kengash boʻlib, unda mingga yaqin odam qatnashdi. Shu kengashda eshonning oʻn toʻrt yoshli jiyani Abdulaziz xon qilib koʻtarilajagi, qoʻzgʻolon qachon boshlanishi aytildi.
17 may kuni shom namozida Tojik qishlogʻidagi masjidga juda koʻp odam toʻplandi. Namoz paytida eshon xalqqa murojaat qildi. Bu murojaat Muso Turkistoniy asarida quyidagicha aks ettiriladi: „Ey muhtaram musulmonlar! Ey birodarlar! Hammangizga maʼlumdirki, yurtimiz musulmon yurti, el musulmon, xalq musulmon, xon musulmon, shariatning hukmi joriy, amri nofiz edi.
Xullas, ota-bobo avlod-ajdodlarimiz Chor Russiyasi mustamlakachilik zulmi sharoitida ham erksevar halqimizning tarixiy anʼanalarini muqaddas saqlab davom ettirdilar va kelgindi bosqinchiga qarshi qonuniy va adolatli kurash olib borganlar.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI:
1. Bobobekov X. Qoʻqon tarixi. – T.:Fan,1996. – 240 bet
2. Azamat Ziyo. Oʻzbek davlatchilik tarixi. – T:Sharq,200. – 270 bet
3. Bobobekov X. Poʻlatxon qoʻzgʻoloni. – T.:Fan,1996. – 60 bet
4. Qosimov Y. Qoʻqon xonligi Tarixiy ocherklari (1709-1876). – T.:Namangan,1994. – 138 bet
5. Inoyatov X.Sh. Qoʻqon xonligi Rossiyaga qoʻshilish arafasida va 1875-1876-yillardagi Qoʻqon qoʻzgʻoloni. – T.:Qizil Oʻzbekiston“, „Pravda Vostoka“ va „Oʻzbekistoni Surx“ birlashgan nashriyoti,1956. – 38 bet