Kontent qismiga oʻtish

Foydalanuvchi:Sherozbek Komilov/qumloq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 18-sentabrdagi “Firma nomlari to‘g‘risida” gi O‘RQ-51-son Qonuniga asosan yuridik shaxs bo‘lgan tijorat tashkilotining nomlanishi hamda unga bo‘lgan mutlaq huquqlari tartibga solinadi.

Yuridik shaxs bo‘lgan tijorat tashkilotlari Davlat xizmatlari markazi orqali yoki Internet jahon axborot tarmog‘i orqali Tizim vositasida Yagona portal (new.birdarcha.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tayotganda uning nomi va unga bo‘lgan huquqlari belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 18-sentabrdagi “Firma nomlari to‘g‘risida” gi O‘RQ-51-son Qonunining 4-moddasiga asosan,

Firma nomida:

1) davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki to‘liq nomi;

2) tarixiy yoki O‘zbekiston Respublikasida mashhur bo‘lgan shaxsning to‘liq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;

3) firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar;

4) jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid bo‘lgan belgilar ko‘rsatilmasligi kerak.

Firma nomida:

ilgari O‘zbekiston Respublikasida boshqa yuridik shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki ro‘yxatdan o‘tkazish so‘rab talabnoma berilgan, ilgariroq ustuvorlikka ega bo‘lgan firma nomlari;

ilgari O‘zbekiston Respublikasida boshqa shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki ro‘yxatdan o‘tkazish so‘rab talabnoma berilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazilmay muhofaza qilinadigan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari);

belgilangan tartibda hammaga ma’lum deb e’tirof etilgan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari);

belgilangan tartibda qonunchilik bilan muhofaza qilinadigan geografik ko‘rsatkichlar va tovar kelib chiqqan joyning nomlari bilan, shunday ko‘rsatkichdan yoki nomdan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish hollari bundan mustasno, adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga o‘xshash bo‘lgan belgilar ham ko‘rsatilmasligi kerak.


Firma nomini zaxiraga olish tartibi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son Qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan tadbirkorlik subyektini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza beruvchi tomonidan firma nomini tanlash bir xilligining tekshirilishi Tizim tomonidan avtomatik tarzda amalga oshiriladigan, lotin alifbosidagi erkin firma nomlaridan so‘rovnoma shakllantirilganda amalga oshiriladi.

Ariza beruvchi u tomonidan firma nomi tanlanayotganda O‘zbekiston Respublikasining “Firma nomlari to‘g‘risida”gi Qonuni, shuningdek yuridik shaxslar nomlari to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etmaganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.

So‘rovnoma shakllantirilganda tanlangan firma nomi Tizim tomonidan 60 kalendar kuniga ariza beruvchi nomiga saqlanib turadi.

Agar ariza beruvchi shakllantirilgan so‘rovnomani ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ushbu bandda ko‘rsatilgan muddat mobaynida jo‘natmagan bo‘lsa, ariza beruvchi tomonidan tanlangan firma nomining belgisi Tizim tomonidan bekor qilinadi. Bunda ariza beruvchi tomonidan shakllantirilgan boshqa ma’lumotlar ularni ochib ko‘rish, o‘zgartirish va so‘rovnomani shakllantirishni davom ettirish imkoniyati bilan Tizim tomonidan tegishlicha foydalanuvchining shaxsiy kabineti yoki “tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti”da saqlanib turadi.

Firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish uchun javobgarlik;

O‘zbekiston respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 177-moddasida O‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud o‘zganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish,

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa,

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.