Frenologiya
Frenologiya (yun. phren — akl va ... logiya) — inson ruhiy xususiyatlari bilan uning kalla suyagi tuzilishi oʻrtasida bogʻlanishlar bor, deb hisoblovchi taʼlimot. Asoschisi — nemis shifokori Frans Gall (1758—1828). 19-asrning 1yarmida keng tarqalgan. F. qobiliyatlar odam bosh miyasining turli qismlarida joylashgan boʻladi, degan fikrni ilgari surgan. Aqliy sifatlar katta yarim sharlardagi izchalar orqali izohdangan. Gall miya xaritasini tuzib, unda har bir qobiliyatning maxsus organini tasvirlab bergan. F. taʼlimotiga koʻra, miya ayrim qismlarining rivojlanishi kalla suyagi shakliga taʼsir koʻrsatadi va uning tegishli qismini qabariq shaklga keltiradi. F. 19-asrda ruhiy tashxis uslubi sifatida keng qoʻllangan. 1870-yilda Frich va Gitsig tomonidan miyaning turli qismlarida ruhiy harakat markazlari mavjudligi toʻgʻrisidagi qonuniyatning kashf etilishi F.ning yaroqsizligini koʻrsatdi.
Ergash Gʻoziyev.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |