Kontent qismiga oʻtish

Fyuchers bitimi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Fyuchers bitimi - tovar yoki fond birjalarida tuziladigan bitim shakli, tovarni ( jumladan, qimmatbaho qogʻozlarni) sotish majburiyatini va uning uchun haq toʻlash majburiyatini zimmasiga olgan tomonlar oʻrtasida tuzilgan muddatli standartlashgan bitim. Bunday bitim muayyan vaqtdan soʻng amalga oshiriladi. Fyuchers sotuvchisining zimmasiga qimmatbaho qogʻoz yoki tovarni yetkazib berish kiradi. Fyuchers bitimi - forvard bitimining turi, lekin undan oʻzining standardlashtirilganligi bilan farq qiladi. Fyuchers bitimi savdosi maxsus fyuchers birjalarida amalga oshiriladi. Fyuchers bitimida belgilangan narx fyuchers narxi deb nomlanadi. Birja tufayli fyuchers bitimining sotuvchisi xohlagan vaqtda uni qayta sotib olishi mumkin. Fyuchers bitimlarining likvidligi ularni forvard bitimlaridan afzal qiladi. Standartlashtirish faqat birjalar belgilangan shartlarga amal qiluvchi bitimlar bilan savdo qilish mumkinligini anglatadi ( kontrakt hajmi, savdo birligi yetkazib berish sanasi, kontrakt narxlarining minimal harakati).

Barcha bitimlar har bir kontraktni kafolatlovchi kliring palatalar orqali amalga oshiradi. Fyuchers bitimi majburiyatlarini tugatishning yagona imkoniyati - xuddi shunday bitimni sotish yoki sotib olish. Kamdan-kam hollarda bitimlar haqiqiy yetkazib berish bilan tugallanadi.

Valyuta fyuchers shartnomasi – bu xaridor va sotuvchi o’rtasida kelajakda valyutani yetkazib berish (yetkazib berish fyucherslari) yoki moliyaviy natijani pozitsiya egasining hisobvarag’iga tushirib berish (hisob-kitob) to’g’risidagi shartnoma.

Ushbu instrumentning joriy etilishi ichki valyuta bozori ishtirokchilari uchun yangi imkoniyatlarni yaratib beradi — ular o’zlarini valyuta xatarlaridan himoya qila oladilar va narxlarning o’zgarishi natijasida foyda olish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Bu yaqin kelajakda O‘zbekistonda to‘laqonli derivativlar bozorini yaratishga yordam beradi.

Fyucherslar va forvardlar moliya bozori instrumentlaridir. Ushbu shartnomalarning ikkala turi ham amal qilish muddatiga ega. Ularning har ikkisini birlashtirib turadigan umumiy hamda ajratib turadigan farqli jihatlari mavjud. Forvard shartnomalari kelajakda haqiqiy aktiv — tovar, valyuta yoki qimmatli qog’ozlar ishtirokida bitimni amalga oshirish uchun birjadan tashqarida tuziladi. Bunday shartnomalarda tomonlar darhol kelajakdagi operatsiyaning narxini, muddatlarini va boshqa shartlarini aniqlashtirib oladi. Forvard kelgusida narxlarning o’zgarishidan muhofaza qiladi.

Fyucherslar – standartlashtirilgan forvard turi deb ham ataladi. Har bir fyuchers shartnomasi uchun birja muayyan standartlarni ishlab chiqadi. Ushbu instrumentlarda asosiy aktivning hajmi, shartnomani bajarish sanasi, aktivni yetkazib berish joyi va hatto usuli qayd etiladi. Tomonlar mustaqil ravishda faqatgina narxlarni belgilaydilar.

Bunda, birja har ikki tomon uchun bitim majburiyatlari bajarilishini kafolatlaydi.

Shuningdek, fyuchers bitimini tuzish uchun ishtirokchi bitimning to’liq miqdorini kiritishi shart emas, faqat uning savdo hisobvarag’iga dastlabki marjaga teng miqdorni kiritishi lozim bo’ladi. Dastlabki marjaning hajmi fyuchers shartnomasi summasining 5-10% miqdorida belgilanadi.

OʻzME O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi