Kontent qismiga oʻtish

Fyuzelyaj

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Fyuzelyaj (fransuzcha: suseau — „urchuq“) — aviatsiyada uchish apparati (vertolyot, gidrosamolyot, samolyot) ning ekipaj aʼzolari, yoʻlovchilar, yuklar va jihozlar uchun moʻljallangan korpusi. Apparatning qanotlari, dum qanotlari, baʼzan, shassi (tana) va kuch qurilmasini oʻzaro bogʻlab turadi. Asosiy qismlari karkas („sinch“, qovurgʻa) va qoplamadan iborat. Asosan, suyri (shamol siypab oʻtib ketadigan) shaklda yasaladi. Fyuzelyajning fermali (fazoviy fermadan iborat), balkali (boʻylama va kundalang balkalar, yaʼni lonjeron, stringer va shpangoutlardan iborat) va aralash (old qismi fermali, orqa qismi balkali va aksincha) xillari boʻladi.

Tovushdan tez uchadigan samolyotlar fyuzelyajining tumshuq qismi uchli (oʻta suyri) qilib yasaladi. Shunda ularning aerodinamik xossalari yaxshilanadi. Dvigatel gondolasi va dum qanotlari maxsus balkalarga oʻrnatiladi. Gidrosamolyotning fyuzelyaji qayiq shaklida yasaladi.

Yoʻlovchi samolyotlarining tor fyuzelyajli va keng fyuzelyajli turlari mavjud. Tor fyuzelyajli samolyotlarning oʻrtacha diametri 2-4 metrni (V737 va A320) keng fyuzelyajlisiniki esa kamida 5 metrni tashkil etadi. Ikkita yoʻlovchi palubasiga ega samolyotlar ham mavjud (A380, B747).

Fyuzelyajning oldingi va orqa germoshpangoutlari (germoshpangout — butunlay germetik boʻlgan toʻsiq)  orasidagi boʻlma germokabina deb ataladi. Yoʻlovchi samolyotining germokabinasini shartli ravishda yuqori paluba (ekipaj kabinasi, yoʻlovchi saloni, xizmat boʻlmalari) va quyi palubaga (bagaj-yuk boʻlmasi va texnik boʻlma) ajratish mumkin.