Gʻarbiy Sahroi Kabir
Gʻarbiy Sahroi Kabir - Afrikaning shimoli-gʻarbiy qismidagi hudud. Sahroi Kabir choʻlining gʻarbiy qismida, Atlantika okeani sohilida joylashgan. Shimolida Marokash, shimoli-sharqdan Jazoir, janub va sharqdan Mavritaniya bilan chegaradosh. Maydoni 266 ming km2. Hudud ikki qismdan iborat: Sagiyet al-Hamra (shim., 82 ming km2) va Rio-de-Oro (jan., 184 ming km2) dan iborat. Aholisi 200 ming kishi (1992), asosan, mavrlar. Asosiy tili — arab tili, dini — islom.
Relyefi tekislik boʻlib, qadim Afrika platformasining Al-Ayyun bukilmasida joylashgan. Eng baland joyi shimoli-sharqida, Atlas togʻi etaklarida. Gʻ.S.K. tabiat resurslariga boy. Foydali qazilmalardan fosforit, temir, mis rudalari, neft, kaliy tuzi, simob, marganets, uran konlari bor. Iqlimi katta qismida tro-pik choʻl, sohil qismida birmuncha yumshoq dengizboʻyi iqlimi. Oʻrtacha oylik temperatura 17—20°dan 25—30° gacha. Yillik yogʻin 50–200 mm. Daryolari mavsumiy. Oʻsimliklari buta va oʻtlardan iborat. Vohalarda akatsiya, palma, fikus oʻsadi. Hayvonlardan tuyoqlilar, sudraluvchi va mayda kemiruvchi koʻp. Yirtqichlardan gepard, chiyaboʻri, sirtlon yashaydi. Qirgʻoqqa yaqin suvlari baliqqa boy. Aholi, asosan, chorvachilik bilan shugʻullanadi. Tuya, qoʻy va echki boqiladi. Arpa, bugʻdoy, sabzavot ekinlari ekiladi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qadimda Gʻ.S.K.da Afrika shimolidan kelgan barbar qabilalari yashagan. 7-asrda hududni arablar egallagan. 9—11-asrlarda Gʻ.S.K. Gana imperiyasi, 11 —12-asrlarda Al-Moraviylar davlati tarkibida boʻlgan. Yevropaliklar hududga ilk bor 15-asr oxirlarida kelib oʻrnasha boshlaganlar. 1887-yilda Ispaniya Riode-Oroni oʻz taʼsir doirasidagi hudud deb eʼlon qildi. 1904 va 1912-yillardagi Fransiya—Ispaniya bitimlariga koʻra, Sagiyet al-Hamrani ham oʻz mulkiga qoʻshib oldi. 1959-yilda Gʻ.S.K. Ispaniyaning "dengiz orti provinsiyasi" deb eʼlon qilindi. Mahalliy xalq ozodlik uchun faol kurash olib bordi. 1970-yilda Al-Ayyunda mustamlakachilarga qarshi katta ommaviy chiqishlar boʻldi. 1973-yilda Sagiyet al-Hamra va Rio-de-Oroni ozod qilish fronti — POLISARIO tashkil topdi (Bosh kotibi Muhammad Abdulaziz). Gʻ.S.K.da mustamlakachilik tuzumini bekor qilish toʻgʻrisidagi masala BMTda 1966-yildan boshlab bir necha bor muhokama qilindi. 1975-yil 14-noyabrda Madridda imzolangan Shartnomaga muvofiq Ispaniya 1976-yil fevral oyida oʻz mustamlakasini Marokash va Mavritaniya ixtiyoriga oʻtkazishini eʼlon qildi. 1976-yil boshida Ispaniya qoʻshinlari Gʻ.S.K.dan chiqib ketdi. 1976-yil 27-fevralda POLISARIO fronti Gʻ.S.K.da Sahroi Kabir Arab Demokratik Respublikasi (SKADR) tuzilganligini eʼlon qildi. 1976-yil 26—30 avgustda SKADR Konstitutsiyasi qabul qilindi. 1984-yilda SKADR Afrika Birligi tashkilotiga aʼzo boʻldi, uni 70 davlat tan oldi. 1979-yilda Mavritaniya Gʻ.S.K.ga nisbatan hududiy daʼvosidan voz kechdi. Marokash Mavritaniya nazorati ostidagi hududni ham egallab oldi. BMT Bosh Assambleyasi va Afrika Birligi tashkiloti Gʻ.S.K. muammosini hal etish maqsadida Marokash va POLISARIO fronti oʻrtasida qurolli toʻqnashuvlarni toʻxtatish boʻyicha bitimlar tuzish va Gʻ.S.K.da oʻz taqdirini oʻzi belgilash masalasi boʻyicha referen-dum oʻtkazishni tashkil etishni yoqlab chiqdi. Biroq Marokash hukumati POLISARIO fronti bilan bevosita kelishib olishga qarshi. 1991-yilda BMTning Xavfsizlik kengashi Gʻ.S.K.da referendum oʻtkazish boʻyicha BMT Missiyasi tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Missiya xalqni oʻz taqdirini oʻzi belgilash masalasi boʻyicha referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishni nazorat qilishi lozim. Biroq tomonlarning kelish-movchiligi tufayli referendum oʻtkazish ortga surilmoqda. 1996-yilda marokash bilan POLISARIO oʻrtasida oʻzaro aloqalarning yangilanishi munosabati bilan BMT Missiya mandatini choʻzishga qaror qildi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |