Gʻiyos Umarov
Gʻiyos Umarov | |
---|---|
Tavalludi |
25-dekabr 1921-yil Toshkent |
Vafoti |
21-dekabr 1988-yil |
Ilmiy darajasi | fan doktori |
Ilmiy unvoni | OʻzSSR muxbiri |
Gʻiyos Yoqubovich Umarov (1921-yil 25-dekabr, Toshkent – 1988-yil 21-dekabr) – fizik olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi (1960), texnika fanlari doktori (1967), professor (1968).
Tarjimai holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Gʻiyos Yoqubovich 1921-yil 25-dekabrda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1943-yil Oʻrta Osiyo universitetini tugatgan. 1950–1958-yillar oraligʻida Toshkent politexnika institutida dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat olib borgan. 1958-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Fizikatexnika instituti ilmiy xodimi, 1960-yildan laboratoriya mudiri, 1961-yildan institut direktori oʻrinbosari va 1962–65-yillarda shu institutda direktor boʻlib ishlagan. Gʻyosning ilmiy ishlari, asosan, yadro fizikasi, geliofizika masalalariga oid.
1963–1965-yillarda Toshkent shahar Kengashi deputati lavozimiga tayinlandi.
Umarov 1965-yil – Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti geliofizika boʻlimi mudiri boʻldi va „Geliotexnika“ jurnali bosh muharriri oʻrinbosari etib tayinlandi[1].
Gʻiyos 1967-yilda texnika fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun „Qattiq va plyonkali aks ettiruvchi yuzalar asosida quyosh energiyasi kontsentratorlarini ishlab chiqish va tadqiq qilish“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1968-yil Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasining muxbir aʼzosi etib saylandi.
Umarov 1971-yil Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-matematika fanlari boʻlimi qoshidagi Quyosh energetikasi masalalari kengashi raisi va 1972-yil SSSR Fan va texnika davlat qoʻmitasining „Energetika va elektrifikatsiya“ muammosi boʻyicha Ilmiy kengashining qayta tiklanadigan energiya manbalari boʻlimi byurosi aʼzosi boʻldi.
Olim 1973-yil Fransiyada boʻlib oʻtgan Quyosh energiyasidan foydalanish boʻyicha Butunjahon kongressi ishtirokchisidir.
1978-yil „Quyosh energiyasidan foydalanishning yangi usullarini topish“ kompleks muammosi boʻyicha SSSR Fanlar akademiyasining Ilmiy kengashi aʼzosi boʻldi.
Gʻiyos Yoqubovich 1979-yil SSSR va Iordaniyaning „Ispolzovaniye solnochnoy energii“ qoʻshma dasturi boʻyicha ishlarni muhokama qilishda SSSR delegatsiyasining ishtirokchisi hamda 1981-yil SSSR Fan va texnika davlat qoʻmitasi Ilmiy kengashining Quyosh energiyasini aylantirishning termodinamik usuli boʻyicha yigʻilish tashkilotchisi boʻldi[2].
Olim 1988-yil 21-dekabrda vafot etdi.
Umarovning faoliyati Oʻzbekiston uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishlarida katta oʻrin egalladi. Uning rahbarligida 50 dan ortiq doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan. U 30 ta mualliflik guvohnomasi, 4 ta monografiya va 220 ta maqola muallifi hisoblanadi[3].
Uning rahbarligida issiqxonalarda sabzavot va mevalarni quritkich, chigitni plyonka ostida undirish uskunalarining dastlabki namunalari yaratildi.
Gʻiyos Umarov Orolni qutqarish jamoat qoʻmitasini tashkil etish tashabbuskorlaridan biridir. U OʻzSSR Fanlar akademiyasi „Quyosh energiyasidan foydalanishning yangi usullarini topish“ kompleks muammosi boʻyicha ilmiy kengash, SSSR Fan va texnika davlat qoʻmitasining qayta tiklanadigan energiya manbalari boʻlimi byurosi hamda SSSR Ilmiy tadqiqot institutlari ittifoqining qayta tiklanadigan energiya manbalari qoʻmitasi aʼzosi edi. Bundan tashqari „Solar Engineering“ jurnali boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Gʻiyos Umarov „Hurmat Belgisi“ ordeni hamda bir qancha medallar sohibi boʻlgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Гияс Умаров“. Qaraldi: 2023-yil 13-noyabr.
- ↑ „Установлена памятная доска с барельефом в память о выдающемся учёном“. Qaraldi: 2023-yil 13-noyabr.
- ↑ „XX век: у порога солнечной эпохи“. Qaraldi: 2023-yil 13-noyabr.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Yershov A. A., Solnsepoklonnik Giyas Umarov, M., 1996.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |