Gʻotfar
Gʻotfar | |
---|---|
Mahalla | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
{{{mintaqa_turi}}} | Samarqand |
Gʻotfar mahallasi – Samarqand shahrining tashqarisida, shahar shahristoni yaʼni hozirgi Afrosiyob hududida joylashgan qadimgi mahalla. Baʼzan Gʻotifar shaklida ham uchraydi. Abulqosim Firdavsiyning „Shohnoma“ asarida qayd qilinishicha, Movarounnahrning arablar istilosiga qadar boʻlgan davrida harbiy boshligʻi Gʻotfar deb atalgan. Bu haqidagi maʼlumotlarni XIX asrda yozilgan tarixiy manbalarda ham uchratish mumkin. Gʻotfar mahallasi Afrosiyob shaharchasining shahriston hududida joylashgan. U Isfizor mahallasi bilan chegaradosh boʻlib, uning hududidagi Novadon va Gʻotfar ariqlari ustida qurilgan koʻprik boʻlgan. Mahalla hududida hunarmandchilik, savdo-sotiq va dehqonchilik bilan shugʻullanuvchi oʻzbeklar va tojiklar yashagan[1].
XVI asrning huquqiy hujjatlarida, Abu Tohir Xojaning „Samariya“ asarida Gʻotfar mahallasi arkning gʻarbiy-shimoliy qismida joylashganligi yoziladi[2]. Mahalla hududida shu nomdagi qabriston boʻlgan. Unda avliyolar, diniy ulamolar dafn etilgan. Jumladan, yetuk shaxslardan Xoja Abulfavoris Bagʻdodiy, imom Lomishiy, Umar bin Ahmad Margʻiloniy, Iskandar Dermiy, Xoja Zayniddin Dimishqiy, „Tali toʻgʻon“ tepaligida Hazrat Shams ulaiymoyi Halvoiy, Xoja Duryuzagar, Xoja Moʻytob kabi islom olamida taniqli shaxslar koʻmilgan.
Mahalla hududida ikkita tepalik boʻlgan. Biri „Tali toʻgʻon“, ikkinchisi „Tali muharrabon“ deb atalgan. Tali muharrabon tepaligida Xoja Gʻotfariy dafn etilgan. XI asrda mahallada Umar Xayyom yashagan. Shuningdek, ushbu qadimgi mahallada shoir va olimlardan Xoja Shamsiddin Gʻotfari, Xoja Mavlono Gʻotfari, meʼmor Rafiq ibn Abdullo kabilar istiqomat qilishgan[3].