Kontent qismiga oʻtish

G‘o‘zaning botanik ta’rifi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Gʻoʻzaning botanik taʼrifi- Gʻoʻzaning ildiz tizimi baquvvat o‘qildiz boʻlib, oʻsimlikning butun hayoti davomida shakllanib boradi. Urugʻ murtagidayoq hosil boʻlgan birlamchi ildizchadan asosiy oʻqildiz rivojlanadi. U oʻsgan sari birinchi tartib yon ildizlar, ulardan esa ikkinchi tartib ildizlar oʻsib chiqadi va hokazo. Oʻqildiz yon ildizlarning yosh qismlari tuk bilan qoplangan boʻladi. Gʻoʻza ana shu tukchalari yordamida yerdan suv va unda erigan moddalarni soʻrib oladi. Gʻoʻza ildiz tizimi yerga 2,4—2,6 m chuqurlikkacha oʻsib kiradi. Ularning asosiy qismi 0—50 sm li qatlamda tarqalgan boʻladi. Poyasi tik, shoxlanuvchi, pishiq. Vegetatsiya davri oxirida boʻyi 70—150 sm ga yetadi va asosiy poyasida 20—25 ta va undan ortiq barg boʻladi. Barglari navbat bilan joylashgan, yupqa yoki qalin, yon bargchalari bor; rangi och yashildan toʻq yashilgacha; shakli tuxumsimon choʻziq-oval lansetsimondan, choʻziq, keng uchburchaksimongacha, barg plastinkasi chuqur yoki yuza oʻyilgan yuraksimon shaklda, 3—7 boʻlmali. Barg plastinkasi boʻyining yarmigacha va deyarli asosigacha qirqilgan boʻladi. Barglar har doim quyosh nurlariga perpendikular joylashadi. Quyosh botgandan keyin ularning cheti egilib qoladi. Gʻoʻzada ikki xil: oʻsuv (monopodial) va hosil (simpodial) shoxlar boʻladi. Ular asosiy poyadagi barglar qoʻltigʻidagi kurtaklardan oʻsib rivojlanadi. Barg yozilishiga qarab, monopodial shox chiqayotganini bilish mumkin, chunki bu vaqtda ichki oʻsish nuqtasi koʻrinmaydi. Birinchi chin barglar qoʻltigʻida, tasodifiy hollardan tashqari, meʼyorli rivojlangan monopodial shoxlar boʻlmaydi.