Kontent qismiga oʻtish

Gʻulja

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(G‘uljadan yoʻnaltirildi)

Gʻulja (Qulja, Inin) — Xitoy Xalq Respublikasining shimoliy-g‘arbiy qismidagi shahar. Sintszyan — Uygʻur muxtor rayonida, Ili — Qozoq muxtor viloyatining markazi. Ili daryosi vodiysidagi muhim iqtisodiy markaz. Aholisi 368 800 kishi (2010-yil)[1]. Qishloq xoʻjaligi rayonining savdo markazi. Oziq-ovqat, toʻqimachilik sanoati korxonalari, muzey mavjud. Chorvachilik mahsulotlari qayta ishlanadi. Gilam toʻqiladi. Shahar yaqinidagi konlardan uran, volfram va boshqa rangli metall rudalari, asbest va grafit qazib olinadi. Shahar atrofida mevali bogʻlar barpo qilingan. Shahar yangi va eski qismdan iborat: anʼanaviy hovlilardan iborat va koʻchalari chiroqsiz boʻlgan mahallalar bilan bir qatorda yangi zamonaviy va koʻp qavatli imoratlar koʻp qurilgan. Turizm markazlaridan. G‘uljaning aholisi asosan uygʻur , xan , xuey va qozoq, shuningdek, moʻgʻul, xibe, oʻzbek, rus hamda boshqa millat vakillaridan iborat.

Shahar oʻrnida qadimda Lama ibodatxonasi boʻlgan. Gʻulja toponimining etimologiyasi ham shu ibodatxona nomi bilan bogʻliq. Biroq mahalliy xalq oʻrtasida saqlanib qolgan maʼlumotlarga koʻra, Gʻulja — arxar soʻzining qadimiy turkiy nomidir. Shaharda 2400–2500-yil muqaddam misdan yasalgan arxar haykali topilgan. Bu esa Gʻulja toponimining tarixi miloddan avvalgi 5-asrga borib taqalishini koʻrsatmoqda. Gʻulja va uning atrofida topilgan 3 ming yillik tarixga ega arxeologik buyumlar (oltin va misdan yasalgan hayvon va odamlar haykalchalari, maishiy buyumlar va boshqalar), 2400 yillik tarixga ega mis koni shahar nisbatan yosh boʻlsa-da, bu yerda qadimdan rivojlangan madaniyat mavjud boʻlganini koʻrsatadi. Chingizxonning 2-oʻgʻli Chigʻatoy hukmdorligi davrida shaharda hunarmandchilik rivojlandi. Jungʻariya xonligi davrida (1635-1755) xon oʻrdasi Gʻuljaga yaqin yerda joylashgan. Manchjurlarning Sin imperiyasi G‘uljada Sharqiy Turkistonni boshqargan oʻz harbiy qoʻmondoni va qoʻshinlarini joylashtirgan. Oʻsha davrda Gʻulja atrofida 6 qalʼa qurilgan. 18-asrda shahar, ayniqsa, rivojlandi. 1933-yilgi "3 viloyat (Ili, Tarbagʻatoy, Oltoy) inqilobi" davrida Gʻulja hukumat markazi edi.



  1. „Population.City“. Qaraldi: 2023-yil 9-yanvar.