Kontent qismiga oʻtish

Gadoy Selkin masjidi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Xatirchi tumani „Shayx Gadoy Selkin“ jome masjidi tuman markazida joylashgan boʻlib, ilk bor XIII – XIV asrlarda Naqshbandiya tariqati pirlaridan hisoblangan Shayx Gadoy Selkin Hazratlari boshchiligida bunyod etilgan. Shayx Gadoy Selkin Hazratlarining asl ismlari Abdurahmon boʻlib, Toshkent shahri Zangiota tumanida boy savdogar oilasida tugʻilganlar. Buxoroga savdo ishlari bilan borganlarida piri komil Bahouddin Naqshband Hazratlariga uchrashib, u kishiga murid boʻlib saboq olishni boshlaydilar. Ikki yillik saboqdan soʻng, u kishiga Pirlik vazifasini yuklab, „Siz Samarqandga qarab yuring, qayerda dam olsangiz mana shu tayoqchani yerga suqib qoʻyib uxlang, qayerda shu tayoqcha kurtak chiqarib koʻkarsa, ana shu yerni makon tuting“ deydilar. Alqissa tayoq hozirgi Xatirchi tumanidagi „Shayx Gadoy Selkin“ jome masjidi oʻrnida koʻkarib, shayx Abdurahmon mana shu joyni makon tutib, shu yerda yashab qolganlar. Bu yerda koʻp shogirdlaru – muridlarni tarbiya qilganlar.[1]

Xatirchi tumanida yashab oʻtgan koʻpgina ulamolarning gaplariga koʻra, bu kishining „Shayx Gadoy Selkin“ deb nomlanib qolishlariga sabab „Gadoya ser kun“ yani, „Ey bor Xudoyo! sendan bandalaring nimani iltijo qilib soʻrasalar koʻp qilib bergin!“ degan duoi xayrlari doimo qabul boʻlganligi sabablidir. Shuning uchun bu kishining hayotliklarida ham xizmatlarini qilib duolarini olishga Xatirchi ahli va boshqa joylarda yashovchi musulmonlar juda ilhaq boʻlishgan. Shayx Gadoy Selkin Hazratlari dunyodan oʻtganlariga qariyb yetti asr boʻlibdiki, shu duolari uchun xalqimiz bu masjidga kelib ziyorat va duolar qilishadi. Qodir boʻlganlar masjidga baholi qudrat xizmatlarini ham qiladi.[2]

Shayx Gadoy Selkin Hazrati pir darajasiga yetishadi, koʻplab muridlar tarbiya qiladilar. „Gadoy Selkin“ deb tanilishiga sabab, u kishi valiylik yoʻlini „gado“dan topgani rivoyat etiladi. „Selkin“ soʻzi tojikcha „serkun“, „selkun“ maʼnolarini bildirib, „toʻydir“, „baraka ber“, „moʻl et“, toʻgʻrirogʻi, „ijobat et“, degan soʻrov duolari boisidan ekan. Chunki u zot duosi mustajob boʻlish darajasiga yetgan ekanlar.[3]

Shayx Gadoy Selkin Hazratlari haqida atoqli olim, professor Gʻaybulloh as-Salom faxr va gʻurur bilan: „Xatirchi tumaniga fayzu barokot berib, nur taratib turgan mash’al avliyo Gadoy Selkin boʻladilar. Xatirchini Xatirchi qilib turgan valomat inson, tabarruk zot bizning maʼnaviy qiblagohimiz piri Gadoy Selkindir“, deb yozadilar. Shayx Gadoy Selkin 73 yoshida vafot etadilar.

Mustaqillik yillari u kishining qabri ustiga maqbara tiklanib, obod ziyoratgohga aylantirildi. Hazrati shayx qabrlari masjid hovlisiga qoʻyilgan. Bu kishining qabrlarini Boborahim Mashrab va Qosim Shayx hazratlari ham ziyorat qilganlar.

Hozirda u kishi nomlaridagi katta jome masjid hashar yoʻli bilan qayta taʼmirlanib, 2006 yil 25 avgust kuni tuman ahliga taqdim etildi. Masjidning xonaqosi toʻrtta ustun va oʻrtasi katta gumbazli boʻlib, ichki maydoni 325 m2ni tashkil etadi, ikki tarafi 13 ta ustundan iborat ayvon bilan oʻralgan. Masjid hovlisida „Shayx Gadoy Selkin“ Hazratlarining maqbaralari qad rostlagan. Maqbara mustaqillik yillarida, masjid taʼmirlanayotgan vaqtda balandligi 6 metr, maydoni 3x3 metr qilib qurilgan. Maqbara gumbazining balandligi esa 8 metr.[4]

  1. Shayx Gadoy Selkin jome masjidi. Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, 2016-yil
  2. Shayx Gadoy Selkin jome masjidi. Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, 2016-yil
  3. Shayx Gadoy Selkin jome masjidi. Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, 2016-yil
  4. Shayx Gadoy Selkin jome masjidi. Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, 2016-yil