Gavriel Mulloqandov
Gavriel Aronovich Mulloqandov (1900-yil 8-aprel, Samarqand, Buxoro amirligi — 1972-yil 6-fevralda Samarqand, Oʻzbekiston SSR, SSSR) — oʻzbek va sovet xonandasi va sozandasi. Uning millati buxorolik yahudiy edi. 1936-yilda Oʻzbekiston SSR xalq artisti unvonini oladi.
Tarjimai hol
[tahrir | manbasini tahrirlash]Gavriyel Mulloqandov 1900-yil 8-aprelda Buxoro amirligi davrida Samarqand shahrida tugʻilgan. Uning oilasi musiqa shaydolaridan, buxorolik yahudiylardan edi. U musiqa sirini birinchi navbatda katta akalaridan oʻrganib, toʻqqiz yoshidan mahalliy ibodatxonada diniy qoʻshiqlar kuylay boshlagan. Gavriel 11 yoshga toʻlganda, u boshqa qoʻshiqchilar bilan birga toʻylarda va mahalliy aholining konsertlarida qoʻshiq kuylagan. Oʻsha yillarda u nafaqat buxorolik yahudiylar, balki yahudiy boʻlmagan mahalliy aholi orasida ham yaxshigina mashhur boʻldi. U bolaligidan Shashmaqom janrida qoʻshiq kuylashni va barcha mahalliy cholgʻu asboblarida chalishni mukammal bilgan.
1920-yillarda Gavriel oʻzining akasi Mixoel bilan qoʻshiq kuylaydi, u ham Oʻrta Osiyodagi mashhur qoʻshiqchi va musiqachilardan biri edi. 1925-yilda ularga bir vaqtlar Buxoro amiri davrida saroy musiqachisi boʻlgan Levi Boboxonov qoʻshiladi. Shundan soʻng uch nafar xonanda-sozanda Samarqand va Buxoro atrofidagi shahar va qishloqlarda, toʻy-hashamlarda, ma’rakalarda qoʻshiq aytishdi. 1929-yili Gavriel Mulloqandov Samarqandda boʻlib oʻtgan “Shashmaqom” janri boʻyicha tanlovda gʻolib boʻlib, yana ham obroʻ-e’tiborga ega boʻldi.
Ijodiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]1930-1932-yillarda Gavriel va Mixoel Mulloqandovlar buxorolik yahudiylarning boshqa faollari bilan hamkorlikda Samarqandda “Buxor yahudiylari teatri”ni tashkil qilishadi. Keyinchalik buxorolik yahudiylardan Aron Saidov, Mardoxay Bachayev, Bahor Qandxorov kabi taniqli xonanda-musiqachilar ham teatrga kelib qoʻshilishadi. Buxor yahudiylarining barcha mashhur qoʻshiqchi-musiqachilari toʻplanishi tufayli Buxoro yahudiylari teatri Oʻrta Osiyodan tashqarida ham juda taniqli boʻladi. Keyinchalik teatr truppasi bilan Toshkent, Moskva, Leningrad, Boku, Dushanbe, Yerevan va boshqa shaharlarda xizmat safarlarda boʻladi.
1936-yilda Gavriel Mulloqandovga Oʻzbekiston SSR xalq artisti unvoni berildi. Keyingi yillarda u boshqa koʻplab davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. 1940-yilda Mulloqandov Samarqand shahar kengashiga deputat etib saylanadi. Ikkinchi jahon urushi yillarida sozanda SSSR boʻylab sayohat qilgan “Buxoro yahudiylari teatri”ning qoʻshiqchi va sozandalari qatorida Gavriel Mulloqandov harbiy va sovet hukumatini qoʻllab-quvvatlagan.
Mulloqandov keyinchalik buxoro yahudiylari madaniyati izdoshlaridan biri sifatida tan olingan. Uning kuylagan qoʻshiqlari, ijro etgan musiqalari Oʻzbekiston va Tojikiston radio va televideniyesi arxivlarida hozirgacha mangu saqlanib qolgan. Mulloqandov ateistik mafkuradagi davlatda yashaganiga qaramay, oʻz millati va dinini hech qachon unutmagan. U muntazam ravishda oʻz xonadonida yahudiylarning bayramlarini nishonlagan va qoʻshiqlarini tinglash uchun tashrif buyuradiganlar soni nihoyatda koʻp boʻlgan.
Shuningdek, u oʻzbek va tojik xalqlari, buxorolik yahudiylar oʻrtasida tinch va doʻstona munosabatlarni oʻrnatish tarafdori boʻlgan. U yahudiy boʻlmagan aholi orasida ham juda hurmatga sazovor edi. Uning eng yaqin doʻstlaridan biri buyuk oʻzbek adibi Gʻafur Gʻulom boʻlib, urush yillarida unga atab “Men yahudiy!” deb nomlangan she’r yozgan. Mulloqandov ona tojik-yahudiy tillaridan tashqari tojik, oʻzbek va rus tillarini ham mukammal oʻzlashtirgan.
Gavriyel Mulloqandov 1972-yil 6-fevralda Samarqandda vafot etgan va u yerda Buxoro-Yahudiy qabristoniga dafn etilgan.
Xotirlash
[tahrir | manbasini tahrirlash]1976-yilda Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasining qarori bilan uning tugʻilib oʻsgan, umrining salmoqli kunlarini oʻtkazgan koʻchaga xonanda va sozanda nomi berildi. 2000-yil noyabr oyida Ramla koʻchasiga uning nomi beriladi.