Kontent qismiga oʻtish

Gaysimon dimorfsiadiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gaysimon dimorfsiadiy
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Yuksak oʻsimliklar
Sinf: Ikki urugʻpallalilar
Turkum: Dimorphosciadium
Oila: Ziradoshlar
Binar nomi
Dimorphosciadium gayoides

Gaysimon dimorfsiadiy (lotincha: Dimorphosciadium gayoides) – ikki urugʻpallalilar sinfi, ziradoshlar oilasiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Piskom va Chatqol togʻ tizmalari hududida uchraydi[1].

Uzunligi 15-20 sm gacha yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Ildizi oʻq ildiz. Poyasi yaxshi rivojlanmagan, uzunligi 10 sm gacha yetadi, koʻplab shoxlari ildiz boʻgʻzidan chiqib shoxlanib ketadi. Barglarining hammasi ildizoldi qismidan chiqadi, yaproqlari patsimon yoki ikki karra patsimon qirqilgan, uchidagi boʻlaklari ovalsimon, uzunligi 2 mm. Gullari ikki jinsli, murakkab soyabon toʻpgulda yigʻilgan. Soyabonchasidagi gullarining shakli ikki xil, markazidagi gullar kattaroq, chetdagilari kichikroq. To‘pguli ostki qismidan butun qirqilmagan oʻrama bargchalar bilan oʻralgan. Gulkosachabarglari butun, tishchalarga boʻlinmagan. Gultojibarglari oq, tuxumsimon, uzunligi 15 mm. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyul avgust oylarida gullab mevasi sentabrda pishib yetiladi. Mevasi quruq, bir urugʻli, tuxumsimon, tuksiz, silliq, uzunligi 4 mm. Urug‘i yordamida koʻpayadi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yovvoyi tabiatda kam uchraydi. Toshkent viloyati Piskom va Chatqol togʻ tizmalari hududida tarqalgan. Dengiz sathidan 2900-3000 metr balandlikda, togʻlarning, ochiq shagʻalli yonbagʻirlarda oʻsadi. Chorva mollarining koʻplab boqilishi natijasida areali qisqarib ketgan. Chatqol biosfera rezervati qoʻriqxonasi va Ugom-chatqol davlat tabiat milliy bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan[2].

  1. „Dimorphosciadium gayoides“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.